Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Fuqaroning iqtisodiy huquqi himoyalanishiga ko‘maklashildi
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakiliga (ombudsmanga) Farg‘ona viloyatida yashovchi fuqaro D.A. olmagan krediti uchun bank tomonidan penya undirish haqida sudga berilganligidan norozi bo‘lib shikoyat qildi.

Murojaatda qayd etilishicha, 2021-yilda fuqaro D.A. bilan “Milliy bank” AJ Beshariq filiali o‘rtasida uy-joyni qurish va rekonstruksiya qilish uchun 200 mln.so‘m miqdorida kredit shartnomasi imzolangan. Murojaatchiga ajratilgan kredit pullari bank masʼul xodimlari tomonidan talon-taroj qilinib, qonunda belgilangan tartibda jinoiy javobgarlikka tortilgan.

Shunga qaramay, O‘zbekiston “Milliy bank” AJning Beshariq filiali fuqaro D.A.ga nisbatan olinmagan kredit pullari uchun Beshariq tuman prokuraturasi tomonidan olib borilgan tergov davomida depozit hisob raqamida saqlanib turilgan kunlar uchun 30 mln.so‘m miqdorida penya undirish bo‘yicha daʼvo bilan sudga murojaat qilgan.

Mazkur murojaat Ombudsman nazoratiga olinib, ushbu holat Ombudsmanning Farg‘ona viloyatidagi mintaqaviy vakili tomonidan joyiga chiqqan holda o‘rganildi.

Mintaqaviy vakil tomonidan fuqaro D.A.ga sudga uning plastik kartasidan asossiz ravishda undirilgan pulni qaytarish hamda kredit uchun garovga olingan mulkni taʼqiqdan chiqarish to‘g‘risida qarshi daʼvo ariza bilan murojaat qilinishida huquqiy yordam ko‘rsatildi.

Natijada Fuqarolik ishlari bo‘yicha O‘zbekiston tumanlararo sudining hal qiluv qarori bilan bankning daʼvosi qanoatlantirishdan rad etilib, fuqaro D.A.ning plastik kartasidan noqonuniy undirilgan 2,4 mln.so‘m miqdoridagi pul mablag‘larining qaytarilishi hamda kredit uchun garovga qo‘yilgan mulkning taʼqiqdan chiqarilishi taʼminlandi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati