Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Ombudsman tomonidan fuqarolar manfaatida sudga kiritilgan daʼvo ariza qanoatlantirildi
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)ning Jizzax viloyatidagi mintaqaviy vakiliga bir guruh fuqarolar oylik ish haqlari plastik kartochkaga kelib tushganda bank asossiz ravishda “kreditdan bo‘lgan qarzdorligi uchun” deb pullarini yechib olib qo‘yganligidan norozi bo‘lib shikoyat qilishdi.

Murojaatchilarning qayd etishicha, ular “Agrobank” ATB Arnasoy filiali bilan kredit shartnomasi rasmiylashtirishgan. Lekin, mazkur bank filiali boshqaruvchisi o‘rinbosari S.A. ularga qo‘ng‘iroq qilib, oylik maoshlari kamligi sababli kredit mablag‘lari berilmaydigan bo‘lganligini og‘zaki xabar qilgan va o‘z mansab mavqeidan foydalanib, bir qator fuqarolar nomiga kredit rasmiylashtirgan. Jumladan murojaatchi A.I. nomiga jami 18,5 mln so‘m yillik 26,99 foiz ustama haq to‘lash sharti bilan 4 yil muddatga kredit olgan. Fuqaro o‘zining nomiga chiqarilgan bank kredit kartasini olishni rad etgan bo‘lsada, ularning xabarisiz ushbu karta mablag‘larini o‘z nomiga ochilgan bank plastik kartalariga o‘tkazishga erishib, kredit mablag‘larini o‘z manfaatlari yo‘lida o‘zlashtirgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Paxtakor tuman sudining 2023 yil 11 apreldagi hukmiga ko‘ra, S.A. Jinoyat kodeksining bir qancha moddalari bilan aybdor deb topilib, bank sohasida hamda boshqa tashkilotlarda mansabdorlik va moddiy javobgarlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum etilgan hamda unga 7 yilga ozodikdan mahrum etish jazosi tayinlangan. Shuningdek, ayblanuvchi S.A.dan jami 145 mln so‘m miqdorida moddiy zarar sifatida “AgrobankATB Arnasoy filiali foydasiga undirish belgilangan.

Shunday bo‘lsada, mazkur bank filiali tomonidan kreditni qoplash uchun murojaatchilar nomiga “sms” talabnomalar kelib, plastik kartalariga kelib tushgan oylik ish haqidan kreditlarni qoplash uchun pul undirilishi davom etgan.

Hujjatlar o‘rganilib, Ombudsman tomonidan sudga mehnat qonunchiligining buzilganligi holati bo‘yicha fuqarolar manfaatida daʼvo ariza kiritildi.

Natijada Fuqarolik ishlari bo‘yicha Do‘stlik tumanlararo sudining 2024 yilning 21 may kunidagi hal qiluv qarori bilan fuqarolar va bank o‘rtasida tuzilgan kredit shartnomalari bekor qilinib, murojaatchilarning buzilgan huquqlari tiklandi.

Maʼlumot uchun, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 209-moddasiga muvofiq, mansab soxtakorligi, yaʼni mansabdor shaxsning g‘arazgo‘ylik yoki boshqa manfaatlarni ko‘zlab, rasmiy hujjatlarga bila turib, soxta maʼlumotlar va yozuvlar kiritishi, hujjatlarni qalbakilashtirishi yoki bila turib, soxta hujjatlar tuzishi va taqdim etishi, fuqarolarning huquqlari yoki qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlariga yoxud davlat yoki jamoat manfaatlariga jiddiy zarar yetkazilishiga sabab bo‘lsa, eng kam oylik ish haqining yuz baravaridan uch yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki besh yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish yoxud ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi belgilangan.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati

Yangiliklar kategoriyalari