Monitoring davomida hibsxonada saqlanayotgan shaxslarning yashash joylari, oshxona, tibbiy yordam ko‘rsatish bo‘limi va uzoq muddatli uchrashuv xonalari ko‘zdan kechirildi.
Shu kuni mazkur yopiq muassasada saqlanayotgan barcha shaxslar uchun chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rik tashkil etildi. Sirdaryo viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasi ko‘magida tergov hibsxonasiga xirurg, ginekolog, terapevt, psixiatr, okulist, endokrinolog kabi 10 nafarga yaqin tor doiradagi shifokorlar guruhi jalb etildi. Shuningdek, mahkum va mahbuslar ultratovush tekshiruvi (UTT), EKG hamda rentgen uskunalari yordamida tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi.
Shu bilan bir qatorda, Ombudsmanning Sirdaryo viloyatidagi mintaqaviy vakili mahbus va mahkumlar bilan yakka tartibda suhbatlashib, muassasadagi sharoitlar bo‘yicha fikrlarini o‘rgandi va murojaatlarini qabul qildi.
Monitoring yakunlariga ko‘ra, Ombudsman mintaqaviy vakilining aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha tavsiyalari bildirildi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati