Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
“Ombudsman maktabi” loyihasi doirasida Samarqandning chekka hududida yashovchi fuqarolar bilan ochiq muloqot o‘tkazildi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 10 sentyabrdagi “Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoniga ko‘ra, Ombudsmanning ustuvor vazifalaridan biri sifatida qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlar mazmun mohiyati bilan aholini tanishtirish, shu orqali aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini oshirishga ko‘maklashish belgilangan.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) o‘z faoliyatida aholining huquqiy xabardorligini oshirishga alohida eʼtibor qaratmoqda. Chunki, Ombudsmanga yuborilayotgan murojaatlar tahlili so‘nggi yillarda aholining ijtimoiy himoyasini mustahkamlash, yashash sharoitlarini yaxshilash borasidagi islohotlardan xabardor etish zarurligini ko‘rsatmoqda. Shuning uchun 2022 yildan eʼtiboran respublikaning chekka hududlarida mahallalar kesimida aholining huquqiy savodxonligini hamda davlat tomonidan berilayotgan imtiyozlardan xabardorligini oshirishga qaratilgan "Ombudsman maktabi" loyihasi amalga oshirilmoqda.

Loyiha doirasidagi navbatdagi tadbir 2024 yilning 14 mart kuni Samarqand viloyati, Paxtachi tumanidagi “Burqut” MFY aholisi uchun o‘tkazildi.

Shu kuni Ombudsmanning Samarqand viloyatidagi mintaqaviy vakili tomonidan fuqarolar qabuli tashkil etilib, 20 nafarga yaqin fuqaro murojaatlari qabul qilindi.

Tadbirga O‘zbekiston Kasaba uyushmalar Federatsiyasining Samarqand viloyat kengashi va Ijtimoiy himoya milliy agentligining Samarqand viloyati boshqarmasi ham jalb etilib, 8 nafar “Ayollar daftari”da turgan fuqarolarga Xorazm viloyatiga aprel oyida borilishi rejalashtirilgan 3 kunlik bepul sayohat uchun sertifikatlar topshirildi hamda 8 nafar nogironligi bor fuqarolarga 2 ta nogironlik aravachasi, hassa, quloq uchun ovoz kuchaytirgich moslamalari va qo‘ltiqtayoqlar berildi.

“Ombudsman maktabi” doirasida Samarqand viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasi bilan hamkorlikda fuqarolar uchun tor doiradagi mutaxassislar jalb etilgan holda 60 ga yaqin fuqaro tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Ko‘rik natijalari bo‘yicha 28 nafar fuqaroni tuman va viloyat darajasida sog‘lomlashtirish, jumladan, 5 nafar fuqaroga bepul jarrohlik amaliyotini o‘tkazish choralarini ko‘rish belgilandi. Shuningdek, aholiga 10 turdagi dori vositalar bepul tarqatildi.

Shu bilan bir qatorda, Adliya boshqarmasining davlat xizmatlari xodimlari tomonidan 14 nafar fuqaroga mobil xizmatlar ko‘rsatildi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati