Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Andijon, Buxoro va Sirdaryodagi tergov hibsxonalariga monitoring tashrifi amalga oshirildi
2024 yilning 10 yanvar kuni Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)ning Andijon viloyatidagi mintaqaviy vakili Gulnora Abduvohidova 3-son tergov hibsxonasiga monitoring tashrifini amalga oshirdi.

Monitoring tashrifi o‘tkazilgan kunda hibsxonaga mo‘ljallangan sig‘imdan ko‘p mahkum va mahbuslar borligi aniqlandi.

Monitoringda mahbus va mahkumlarning yashash, ovqatlanish, tibbiy xizmat ko‘rsatish sharoitlari o‘rganildi hamda avvalgi tashriflarda aniqlangan kamchiliklarning bartaraf etilgani aniqlandi.

Shundan so‘ng, tergov hibsxonasida saqlanayotgan shaxslarning ayrim kameralariga kirilib, ularga yaratilgan shart-sharoitlar, muammo va takliflari bo‘yicha suhbatlashildi. Ayol mahbuslar bilan uchrashilganda, ulardan birining salomatligida muammo borligi aniqlandi va tez tibbiy yordam ko‘rsatildi.

Hibsxonaga o‘rnatilgan “Ombudsman quti”lari tekshirilganda, 15 ta murojaat borligi aniqlandi.

Ombudsmanning Andijondagi mintaqaviy vakili 15 nafar murojaatchilar bilan yakka tartibda uchrashdi. Baʼzi murojaatlar bo‘yicha huquqiy tushuntirishlar berildi, qolganlari nazoratga olindi.

Joriy haftada Sirdaryo va Buxoro viloyatlardagi tergov hibsxonalaridagi sharoitlar ham o‘rganilib, mahbuslar bilan jamoaviy va yakka tartibda suhbatlar o‘tkazilgan.

Monitoring tashriflari yakunlariga ko‘ra, hibsxonalarda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha tavsiyalar berildi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati