Monitoring davomida mastlik holatida bo‘lgan shaxslarga tibbiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha ayrim tumanlararo punktlarida bir qator salbiy holatlar aniqladi. Xususan, mastlik holatida bo‘lgan shaxslarga tibbiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha ayrim tumanlararo punktlarining xonalari taʼmirga muhtoj holda va belgilangan talab darajasida tashkil etilmagan, hojatxona va yuvinish xonalarida sharoitlar yaratilmagan hamda Bulung‘ur tumanlari va Kattaqo‘rg‘on shahridagi hushyorxonalarning baʼzilariga ventilyatsiya tizimi o‘rnatilgan bo‘lsada, ularning hech birida bu tizimlar ishlamasligi va boshqa kamchiliklar aniqlangan. Shuningdek, ushbu puntklarning ayrimlarida muddati o‘tgan dorilar ham saqlab kelingan.
Aniqlangan salbiy holatlarni bartaraf etish maqsadida “Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuni va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Qiynoqqa solish holatlarini aniqlash va ularning oldini olish tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga asosan Ombudsman tomonidan Sog‘liqni saqlash vazirligiga taqdimnoma kiritildi.
Taqdimnoma ijrosi bo‘yicha olingan maʼlumotlarga ko‘ra, Urgut tumanlararo punktiga videokuzatuv kameralari o‘rnatilib, ishga tushirilgan. Payariq va Paxtachi tuman punktida 10 ta koykali joy tashkil etilgan. Kattaqo‘rg‘on punktining hojatxona va yuvinish xonalarida bemorlar uchun sharoit yaratilib, ichimlik suvi tarmog‘iga ulanib, suv taʼminoti yo‘lga qo‘yilgan. Paxtachi tumanlararo punktida taʼmirlash va muassasa hududida obodonlashtirish ishlari amalga oshirilgan.
Shuningdek, Toyloq, Payariq tumanlari va Kattaqo‘rg‘on shahri tumanlararo punktlaridagi muddati o‘tgan dori vositalari yo‘q qilinib, o‘z ishiga sovuqqonlik bilan qaragan 3 nafar masʼul xodimga nisbatan “Hayfsan” intizomiy taʼsir choralari qo‘llanilgan.
Eslatib o‘tamiz, Taqdimnomada ko‘rsatilgan faktlar hushyorxonalarga qayta monitoring tashriflarini amalga oshirish orqali tasdiqlangan. Ventilyatsiya tizimi bilan bog‘liq holat Ombudsman nazoratida turibti.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati