Mintaqaviy vakil mahbuslarga yaratilgan shart-sharoitlarni o‘rganish davomida mahkumlarning yashash, ovqatlanish, tibbiy xizmatdan foydalanish hamda advokatlar va uchrashuv xonalarda yaratilgan sharoitlarni xalqaro standartlarga muvofiq ekanligi holatini o‘rgandi.
Shuningdek, tergov hibsxonasidagi, muassasada ushlab turilgan barcha shaxslar borishi mumkin bo‘lgan va videokamera obyektividan holi bo‘lgan joylarga o‘rnatilgan “Ombudsman qutisi”ga tashlangan murojaatlar ham o‘rganildi.
Muassasada saqlanayotgan murojaat egalari bilan yakka tartibda o‘tkazilgan uchrashuvlarda mahkum va mahbuslar tomonidan sud-tergov jarayonlari bilan bog‘liq masalalar ko‘tarildi. Monitoring davomida olingan barcha murojaatlar Mintaqaviy vakil nazoratiga olindi.
Yopiq muassasada saqlanayotgan shaxslar bilan o‘tkazilgan yakka tartibdagi va jamoaviy uchrashuvlarda ruhiy va jismoniy qiynoq holatlari, muassasa xodimlarining qo‘pol muomalada bo‘lishi yoki inson huquq va manfaatlariga xilof boshqa holatlar bo‘yicha hech qanday murojaatlar kelib tushmadi.
Qayd etish lozimki, Ombudsmanning Xorazmdagi mintaqaviy vakili tomonidan viloyat bo‘ylab barcha harakat erkinligi cheklangan yopiq muassasalarga tashkil etilayotgan monitoring tashriflari hech qanday ogohlantirishlarsiz to‘satdan amalga oshirilmoqda.
Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) Axborot xizmati