Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Ombudsman vakillari va jurnalistlar Zangiotadagi 1-tergov hibsxonasini tekshirish uchun bordi
19 fevral kuni Ombudsman boshchiligidagi ekspertlar guruhi va jurnalistlar ishtirokida Toshkent viloyati Zangiota tumanida joylashgan 1-tergov hibsxonasiga monitoring tashrifi amalga oshirildi.

Monitoring tashrifida tergov hibsxonasidagi mahbuslarning yashash tarzi, ovqatlanish, mehnat qilish, tibbiy yordam olish sharoitlari va sanitariya-gigiyena talablariga rioya etish holati o‘rganildi. Bu haqda monitoringda qatnashgan Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.

Dastlab, kuzatuvchilar muassasada mahbuslarning oila aʼzolari bilan qisqa va uzoq muddatli uchrashuv, telefon so‘zlashuv uchun mo‘ljallangan xonalarni ko‘zdan kechirdi.

Shuningdek, mahbuslarga ko‘rsatiladigan tibbiy yordam masalasi yuzasidan hibsxonaning ichki tibbiy bo‘linmasi shifokori dori-darmon, uskunalardan kamchilik va muammolar yo‘qligini, qoniqarli darajada sharoitlar borligini aytdi.

Lekin, shifokorning aytishicha, hibsxonada kadrlar masalasida muammo bor.

«Belgilangan 47 shtat o‘rindan 5 ta shifokor vakant o‘rnimiz mavjud. Oylik maoshimiz past bo‘lgani sababli, shifokorlar bu muassasada ishlashdan bosh tortishmoqda», – deydi bo‘linma shifokori.

U o‘tgan yili hibsxonada saqlanayotgan va koronavirusga chalingan mahbuslarni 1-tergov hibsxonasi shifokorlari davolagan bo‘lsa-da, ularga ustama pullari berilmaganini maʼlum qildi.

Tergov harakatlarini o‘tkazish va advokat bilan muloqot qilish uchun mo‘ljallangan xonalarni ko‘zdan kechirish jarayonida, bu toifadagi xonalar videokuzatuv vositalari bilan jihozlangani va advokatlar istalgan vaqtda advokatlik so‘rovnomasi bilan tergov jarayonlarida tasvirga olingan videomateriallarni talab qilib olishi mumkinligi aytildi.