Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Ombudsman hamda uning huzuridagi Jamoatchilik guruhlari Navoiydagi 11-sonli jazoni ijro etish koloniyasidagi sharoitlarni o‘rganishdi
Davlat rahbarining 2021 yil 26 iyundagi “Qiynoqqa solish holatlarini aniqlash va ularning oldini olish tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Qarorida Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) qiynoqlarning oldini olish maqsadida Jamoatchilik vakillari bilan birgalikda harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarga monitoring tashriflari tizimini yo‘lga qo‘yish belgilangan.

Shunga ko‘ra, Ombudsman hamda uning huzuridagi Qiynoq holatlarini aniqlash va ularning oldini olish bo‘yicha Jamoatchilik guruhlari aʼzolari tomonidan Navoiy shahridagi 11-sonli jazoni ijro etish koloniyasiga monitoring tashrifi amalga oshirildi.

Monitoringda senator va deputatlar, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyati instituti vakillari, jumladan, “Yuksalish” umummilliy harakati, O‘zbekiston Respublikasi “Istiqbolli avlod” ijtimoiy axborot markazi vakillari, shuningdek, OAV ham bevosita ishtirok etib, muassasadagi sharoitlar bilan tanishishdi.

Tashrifi davomida, koloniyaning yotoq joylari, oshxona, kutubxona, davolash bo‘limi, uzoq va qisqa muddatli uchrashuv xonalari, ishlab chiqarish hududidagi sharoitlar o‘rganildi.

Maʼlum bo‘lishicha, koloniyadagi mahkumlarning 86 foizga yaqini ish bilan taʼminlangan. Muassasa hududida tikuvchilik, duradgorlik, qurilish mahsulotlari,yumshoq mebel yasash va boshqa kasb-hunarga ixtisoslashgan jami 13 ta sex mavjud. Mahkumlar bilan o‘zaro suhbat davomida mehnat sharoitlaridan shikoyatlari yo‘qligi va oylik maoshlarini o‘z vaqtida olayotganliklarini bildirishdi.

2022 yilda Ombudsman tomonidan Bosh prokuratura, Ichki ishlar vazirligi va Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi bilan hamkorlikda qiynoqlarning oldini olish borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan natijadorlikka erishish, shuningdek nogironligi tufayli erkin harakatlana olmaydigan mahkumlarga (mahbuslarga) yaratilgan shart-sharoitlarni xalqaro meʼyorlarga muvofiqlashtirish yuzasidan “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqilgan edi.  Mazkur monitoringda ushbu “yo‘l xaritasi”ga asosan nogironligi bo‘lgan mahkumlarga yaratilgan sharoitlarga alohida eʼtibor qaratildi. Jamoatchilik guruhi aʼzolari imkoniyati cheklangan shaxslarning erkin harakatlanishi uchun binolarga kirish joylariga tegishli standartga muvofiq panduslar o‘rnatilgani, kutubxonada ham brayl alifbosidagi kitoblar mavjudligi va qolaversa, yuvinish xonalarida ham maxsus sharoitlar yaratilganiga guvoh bo‘lishdi.

Shuningdek, “Ombudsman quti”lari ko‘zdan kechirilib, murojaatlar o‘rganish uchun olib ketildi.

Monitoring doirasida mahkumlar bilan jamoaviy va yakka tartibda suhbatlar o‘tkazildi.

Monitoring tashrifi davomida aniqlangan kamchiliklar yuzasidan ularni o‘z vaqtida bartaraf etilishini taʼminlash maqsadida mutasaddi vazirlik va idoralarga Ombudsmanning tavsiyalari kiritiladi.

Eslatib o‘tamiz, Ombudsman tomonidan qiynoqlarni oldini olish bo‘yicha monitoring tashriflari yakuni yuzasidan tayyorlangan tahliliy maʼlumotlar, jumladan monitoring jarayonida aniqlangan kamchiliklar tegishli davlat organlari bilan bir qatorda Oliy Majlis palatalariga ham taqdim etib kelinmoqda.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati

Yangiliklar kategoriyalari