Insonning tinch va shovqinsiz muhitda yashashi – uning asosiy huquqlaridan biri hisoblanadi. Tibbiy tadqiqotlarga ko‘ra, uzoq muddatli yuqori darajadagi shovqin taʼsiri kattalarda asab tizimi buzilishi, qon bosimining ko‘tarilishi, yurak-qon tomir kasalliklari xavfini oshirishi mumkin. Yosh bolalarda esa uyqu rejimi buzilishi, diqqat va xotira pasayishi kabi salbiy holatlar yuzaga kelishi taʼkidlanadi. Shu bois, qonunchilikda turli joylarda ruxsat etilgan shovqin miqdori aniq belgilab qo‘yilgan.