Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Ombudsman sog‘liqni saqlash sohasi bo‘yicha yuborilayotgan murojaatlarni ochiqladi
Joriy yilning 23 dekabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Fuqarolarning sog‘lig‘ini saqlash masalalari qo‘mitasining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda Sog‘liqni saqlash vazirligining “Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasi hamda “Yo‘l xaritasi”ning tegishli bandlari ijrosi yuzasidan amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida”gi axboroti eshitildi.

Tadbirda taʼkidlanishicha, davlat va jamiyat taraqqiyoti, xalq farovonligini taʼminlashda sog‘liqni saqlash sohasi hal qiluvchi o‘rin tutadi. Bugungi kunda yurtimizda tibbiyot sohasi, uning faoliyat mazmuni tubdan o‘zgarmoqda. Eng avvalo, birlamchi tibbiy-sanitariya yordami ko‘rsatish sifati va samaradorligi, sog‘lom turmush tarzi yangi bosqichga ko‘tarildi. Ko‘p tarmoqli poliklinika va kasalxonalarning moddiy-texnik bazasi, kadrlar salohiyati mustahkamlanmoqda.

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasi va uni amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”ning ijrosida Ombudsman institutining roli ham oshib bormoqda.

Yig‘ilishda Asosiy qonunimiz bilan kafolatlangan har bir fuqaroning o‘z salomatligini muhofaza qilish bo‘yicha huquqlaridan foydalanish holati yuzasidan Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman)ning maʼruzasi ham tinglandi.

Ombudsman so‘zlariga ko‘ra, pandemiya oqibatida xalqimiz o‘z salomatligiga yana-da eʼtiborli bo‘lishni o‘rgandi. Buni Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakiliga kelib tushayotgan murojaatlar tahlilidan ham ko‘rish mumkin. Joriy yilda fuqarolardan kelgan murojaatlar asosan, malakali tibbiy yordam ko‘rsatilishi hamda kafolatlangan tibbiy xizmat ko‘rsatishda vujudga kelgan muammolar, fuqarolarga tibbiy muolaja ko‘rsatilgandan so‘ng sog‘lig‘ini yomonlashishi, noto‘g‘ri qo‘yilgan tashxis va undan so‘ng bemor sog‘lig‘ining yomonlashishi va boshqa holatlar bo‘yicha yo‘llangan hamda sog‘liqni saqlash tizimi faoliyati samaradorligini oshirish bo‘yicha takliflar ilgari surilgan.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) o‘z so‘zida mazkur murojaatlar nazoratga olinib, tegishli tashkilotlar bilan birga o‘rganib chiqilayotgani, lekin, baʼzi murojaatlarning sog‘liqni saqlash tizimidagi quyi organlari tomonidan masalalar xolisona o‘rganilmay asoslantirilmagan maʼlumot taqdim etish holatlari uchrayotgani sababli, Ombudsman Sog‘liqni saqlash vazirligiga fuqarolarning buzilgan huquqlarini tiklash bo‘yicha taqdimnomalar kiritishga majbur bo‘layotganini tanqid qildi. 

Yig‘ilishda deputatlar tomonidan qayd etildiki, aholini xavfsiz, samarali va arzon dori-darmon vositalari bilan taʼminlashda qator muammolar mavjud. Shuningdek, onalar va bolalar salomatligini muhofaza qilish tibbiyotning eng muhim vazifasi, deb eʼtirof etilishiga qaramay, bugungi kunda onalar va bolalar o‘rtasida kuzatilayotgan o‘lim holatlari sohada jiddiy o‘zgarishlarni talab qiladi.

Deputatlar sohada uchrayotgan muammolarni o‘rtaga tashlar ekan, ularning yechimi bo‘yicha o‘z vaqtida aniq chora-tadbirlar ko‘rilishi lozimligini bildirdi.

Yig‘ilish yakunida kun tartibidagi masalalar yuzasidan qo‘mitaning tegishli qarori qabul qilindi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) Axborot xizmati