Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Fuqarolar murojaatiga asosan avariya xavfi yuqori bo‘lgan chorrahaga svetofor o‘rnatildi-Ombudsman
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)ga Farg‘ona viloyatidan fuqaro O.P. bir guruh mahalla fuqarolari nomidan avariya xavfi yuqori bo‘lgan chorrahaga svetofor o‘rnatilishida amaliy yordam berilishini so‘rab murojaat qildi.

Murojaatchining qayd etishicha, Marg‘ilon shahridagi “Xo‘ja porso” MFY idorasi, 4-oilaviy poliklinika va 10-sonli umumiy o‘rta taʼlim maktabi yo‘l yoqasiga yaqin joylashgan. Shu sababli mazkur hududdagi 7000 ming nafardan ortiq aholi, maktab o‘quvchilari va bemorlar katta yo‘l kesishmasidan o‘tishlariga to‘g‘ri keladi.

Mazkur murojaat Ombudsman nazoratiga olinib, holat Farg‘ona viloyatidagi mintaqaviy vakili tomonidan Marg‘ilon shahar hokimligi bilan hamkorlikda joyiga chiqib o‘rganildi.

Haqiqatdan ham mazkur chorrahada avtomobillar oqimi juda yuqori hamda poliklinika va maktab yo‘l yoqasiga yaqin joylashgani sababli hududdagi aholi yo‘l kesishmasidan o‘tishda ko‘plab qiyinchiliklarga duch kelayotgani aniqlandi.

Ombudsmanning tegishli tashkilotlarga murojaatidan so‘ng, Marg‘ilon shahar, Alisher Navoiy ko‘chasidagi mazkur chorrahaga svetofor o‘rnatildi.

Maʼlumot uchun, Davlat rahbarining 2022-yil 4-apreldagi “Avtomobil yo‘llarida inson xavfsizligini ishonchli taʼminlash va o‘lim holatlarini keskin kamaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qaroriga muvofiq, svetofor qurilmasi o‘rnatilishi rejalashtirlayotgan chorraha yoki yo‘l uchastkasi shaharsozlik normalari va qoidalariga mosligi nuqtai-nazaridan o‘rganiladi, shuningdek, ushbu joydan o‘tadigan piyodalar va transport vositalarining harakat jadalligi hisoblanadi. Mazkur joy amaldagi normativ-huquqiy hujjatlar talablariga javob bersa, svetofor qurilmasini o‘rnatish bo‘yicha ijobiy xulosa qilinadi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati