Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Buxoro viloyatidagi harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylardagi sharoitlar qay holatda?
Prezidentimizning 2021 yil 26 iyundagi “Qiynoqqa solish holatlarini aniqlash va ularning oldini olish tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Qarorida Ombudsman qiynoqlarning oldini olish maqsadida Jamoatchilik vakillari bilan birgalikda harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarga monitoring tashriflari tizimini yo‘lga qo‘yish belgilangan.

Shunga ko‘ra, Ombudsman o‘rinbosari, xodimlari va Buxoro viloyatidagi mintaqaviy vakili, Jamoatchilik guruhlari hamda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari va Senat aʼzolari tomonidan 2023 yilning 16-17 noyabr kunlari Buxoro viloyatidagi bir qator harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarga monitoring tashriflari amalga oshirildi.

Ombudsman hamda uning huzuridagi Qiynoq holatlarini aniqlash va ularning oldini olish bo‘yicha Jamoatchilik guruhlari aʼzolari, deputat va senatorlar, jamoatchilik vakillari dastlab Qorovulbozor tumanidagi 17-son Jazoni ijro etish koloniyasiga monitoring tashrifini amalga oshirishdi.

Monitoring tashrifida mahkumlarning saqlash sharoitlari, mehnat qilish, tibbiy yordam ko‘rsatish hamda ularga nisbatan bo‘ladigan munosabat va muomala holatlari o‘rganiladi.

Maʼlum bo‘lishicha, ushbu koloniyada jazo muddatini o‘tayotgan 2 mingga yaqin mahkumlarning mingdan ortig‘i ishga yaroqli. Ularning 85 foizi Jinoyat-ijroiya kodeksiga ko‘ra ijtimoiy foydali mehnatga jalb qilingan. Koloniyaning ishlab chiqarish obyektlarida mebel ishlab chiqarish, yog‘ochga va temirga ishlov berish, g‘isht ishlab chiqarish, tosh kesish, mozayka ishlab chiqarish va tikuv sexlari ishlab turibdi. Mahkumlar bilan suhbat davomida ular ishlash va o‘z vaqtida dam olish uchun sharoitlar borligi, ish haqlari hisob raqamlariga o‘z vaqtida o‘tkazilishini maʼlum qilishdi.

Jamoatchilik guruhi aʼzolari nogironligi bo‘lgan mahkumlarga yaratilgan sharoitlarni o‘rganishga alohida eʼtibor qaratishdi. Qayd etish joizki, 2022 yilda Ombudsman tomonidan masʼul idoralar bilan hamkorlikda qiynoqlarning oldini olish borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan natijadorlikka erishish, shuningdek nogironligi tufayli erkin harakatlana olmaydigan mahkumlarga (mahbuslarga) yaratilgan shart-sharoitlarni xalqaro meʼyorlarga muvofiqlashtirish yuzasidan “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqilgan. Mazkur hujjatning ijro etilishi natijasida ushbu koloniya kirish joyiga tegishli standartga muvofiq panduslar o‘rnatilgan, kutubxonalar brayl alifbosidagi kitoblar bilan boyitilgan, yuvinish xonalarida ham maxsus sharoitlar yaratilganiga guvoh bo‘lindi.

Shuningdek, koloniyada 32 nafar nogironligi bor mahkumlar jazo muddatini o‘tamoqda. Ularning 1 nafari mustaqil harakatlana olmaydi. Shuning uchun unga alohida mahkum biriktirilgan va ushbu biriktirilgan mahkumga oylik maoshi to‘lash yo‘lga qo‘yilgan. Ushbu amaliyot Ombudsman tashabbusi bilan tasdiqlangan yuqoridagi “Yo‘l xaritasi”ga asosan joriy etilgan.

Monitoring doirasida mahkumlar bilan jamoaviy va yakka tartibda suhbatlar o‘tkazildi. 20 nafarga yaqin mahkumlarning murojaatlari qabul qilindi.

Jamoatchilik guruhi aʼzolari Buxoroga tashrifi doirasida 1-son jazoni ijro etish koloniyasiga ham monitoring tashrifini amalga oshirishdi. 1,5 ming nafardan ortiq mahkumga mo‘ljallangan ushbu koloniyada 900 nafarga yaqin shaxs jazo muddatini o‘tamoqda. Koloniyada 8 ta ishlab chiqarish sexi mavjud bo‘lib, ishga yaroqli mahkumlarning 80 foizi ushbu sexlarda foydali mehnatga jalb etilgan.

Quvonarlisi, ushbu muassasada Ombudsman tavsiyasiga ko‘ra, mahkumlar uchun barcha sharoitlarga ega bo‘lgan zamonaviy jihozlangan uzoq muddatli uchrashuv maskani qurib foydalanishga topshirilgan.

Shuningdek, ombudsman xodimlari va Jamoatchilik guruhlari aʼzolari 4-son Tergov hibsxonasida yaratilgan sharoitlarni ham o‘rganishdi.

Monitoring tashrifi davomida aniqlangan kamchiliklar yuzasidan ularni o‘z vaqtida bartaraf etilishini taʼminlash maqsadida mutasaddi vazirlik va idoralarga Ombudsmanning tavsiyalari kiritiladi.

Eslatib o‘tamiz, Ombudsman tomonidan qiynoqlarni oldini olish bo‘yicha monitoring tashriflari yakuni yuzasidan tayyorlangan tahliliy maʼlumotlar, jumladan monitoring jarayonida aniqlangan kamchiliklar tegishli davlat organlari bilan bir qatorda Oliy Majlis palatalariga ham taqdim etib kelinmoqda.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati

Yangiliklar kategoriyalari