Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
“Ombudsman maktabi” loyihasi Sirdaryo tumanida
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 10 sentyabrdagi “Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoniga ko‘ra, Ombudsmanning ustuvor vazifalaridan biri sifatida qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlar mazmun mohiyati bilan aholini tanishtirish, shu orqali aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini oshirishga ko‘maklashish belgilangan.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) o‘z faoliyatida aholining huquqiy xabardorligini oshirishga alohida eʼtibor qaratmoqda. Chunki, Ombudsmanga yuborilayotgan murojaatlar tahlili so‘nggi yillarda aholining ijtimoiy himoyasini mustahkamlash, yashash sharoitlarini yaxshilash borasidagi islohotlardan xabardor etish zarurligini ko‘rsatmoqda. Shuning uchun 2022 yildan eʼtiboran respublikaning chekka hududlarida mahallalar kesimida fuqarolarga yaratilgan imkoniyat va imtiyozlardan aholi xabardorligini oshirishga qaratilgan “Ombudsman maktabi” loyihasi amalga oshirilmoqda.

2023 yilning 21 sentyabr kuni “Ombudsman maktabi” loyihasi doirasidagi navbatdagi tadbir Sirdaryo viloyati Sirdaryo tumanida tashkil etildi. Tadbirda  “Do‘stlik”, “Shirin”, “Yoshlik”, “Paxtakor” “Oqibat” hamda “Bahor” mahalla fuqarolar yig‘ini aholisi ishtirok etdi.

Aholining huquqiy xabardorligini oshirishga qaratilgan mazkur tadbirda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, Sirdaryo viloyati Byudjetdan tarkashi Pensiya jamg‘armasi boshqarmasi, “Madad” muassasa shaklidagi nodavlat notijorat tashkiloti vakillari maʼruza bilan ishtirok etishdi. Tadbirda Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi, "O‘zbekiston-2030 " strategiyasi hamda davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish borasida qabul qilingan qonun hujjatlarining mazmun-mohiyati hamda aholini manzilli ijtimoiy muhofaza qilish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar haqida maʼlumot berildi.

Fuqarolar bilan erkin muloqot shaklida o‘tgan tadbirda ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga atroflicha javob olishdi.

“Ombudsman maktabi” loyihasi doirasida Ombudsmanning Sirdaryo viloyatidagi mintaqaviy vakili Shuhrat Alimovning fuqarolar qabuli ham tashkil etildi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati