Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Bolalar Ombudsmani: bolalar himoyalangan va xavfsizligi taʼminlangan jamiyatda yashashi lozim
Yangihayot tumanidagi 12 yashar qizning ayanchli o‘limi barchani chuqur qayg‘uga soldi. Internet olamidagi muhokamalar, xalqning g‘azabi va albatta yoshgina qizaloqning nobud bo‘lgani mamlakatimizda bolalar xavfsizligini to‘liq taʼminlanmaganligini ko‘rsatadi.

Bu holatda qizcha begona shaxs tomonidan zo‘ravonlikka uchragan. Shaxsan menga yuborilayotgan murojaatlar orasida oila aʼzolari, buvasi, o‘gay akasi yoki o‘gay otasi tomonidan muntazam jinsiy zo‘ravonliklarga uchrayotgan bolalar ham topiladi. Hatto 4–9, 10–14 yoshli bolalarga nisbatan jinsiy zo‘ravonliklar amalga oshirilyapti. Albatta bu juda achinarli holat. Bunday murojaatlarni o‘qish juda og‘ir. Axir bolalar himoyaga muhtojku. Bu holatlarni o‘zimiz nazoratga olib, Bosh prokuraturaga rasmiy xat bilan murojaat qilyapmiz.

Bolalarga nisbatan qo‘llanadigan jinsiy zo‘ravonliklarga beriladigan jazo turini kuchaytirish orqali yuqoridagi holatlarga barham bergan bo‘lamiz. Taʼkidlash lozimki, O‘zbekiston 1995 yil 31 avgustda «1966 yil 16 dekabrdagi Fuqaroviy va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro paktga doir fakultativ bayonnoma”ga qo‘shilgan. Ushbu hujjatga asosan mamlakatimizda o‘lim jazosi bekor qilingan va bu davlatimizning xalqaro majburiyati hisoblanadi. Shunday ekan, Bolalar Ombudsmani bolalarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik qilgan shaxslarga eng og‘ir jazo turi qo‘llanilishi hamda ularga hech qanday amnistiya akti yoki afv etish asosida jazodan ozod qilish, jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilish va jazoni yengilrog‘i bilan almashtirish qo‘llanmasligi kerak degan pozitsiyada turibti.

Bolalar Ombudsmani murojaatlar tahlili va o‘tkazgan o‘rganishlari davomida takliflar tayyorlab, tegishli tashkilotlarga yuborilgan. Bundan tashqari, bolalarga yaratilgan sharoitlarni o‘rganib, aniqlagan kamchiliklar bo‘yicha tavsiyalar berilgan.

Lekin, shu bilan birgalikda, bolalar shaxsan o‘zlari Bolalar Ombudsmaniga murojaat yuborishlari uchun qisqa ishonch telefonlari faoliyatini zudlik bilan yo‘lga qo‘yish lozim.

Bog‘cha, maktab va boshqa muassasalarda bolalarning ruhiy holatini o‘rganadigan mutaxassislar soni va malakasini oshirish kerak. Sudya, huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari va advokatlarning bola huquqlari kafolatlari bo‘yicha ixtisoslashuvini kuchaytirishimiz zarur.

Bolalarni ham zo‘ravonlikka uchraganda, oila aʼzolari tomonidan tahqirlanganda yoki boshqa holatlarda imo-ishora bilan xabar berish bo‘yicha ko‘nikmalarini shakllantirish kerak.

Aslida bu kabi voqealar bizga bolalar himoyasini yana-da mustahkamlashga undashi va masʼuliyatimizni yana-da oshirishi, ushbular orqali, bolalarni, ularning huquqlari himoyalangan va xavfsizligi taʼminlangan jamiyatda yashashini taʼminlashimiz kerak.

Aliya Yunusova

Bola huquqlari bo‘yicha vakil