Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Navoiyda mehnat qonunchiligi yuzasidan seminar o‘tkazildi
Joriy yilning 27 may kuni Navoiy viloyati Maʼrifat va maʼnaviyat markazida korxona, tashkilot va muassasalarda ish beruvchi hamda xodim o‘rtasida dolzarb muammoli masalalarni aniqlash va ularni bartaraf etish yuzasidan qonun hujjatlarini takomillashtirish, mehnat qonunchiligidagi amaliyotni o‘rganish masalalariga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi.

Unda Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakilining (ombudsmanning) Navoiy viloyatidagi mintaqaviy vakili, viloyat hokimligi, viloyat sudi, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Navoiy viloyati Kengashi, viloyat mehnat boshqarmasi vakillari ishtirok etishdi.

Tadbirdan ko‘zlangan maqsad - aholi bandligini taʼminlash, ishsizlikni kamaytirish, norasmiy band bo‘lganlarni rasmiy mehnat munosabatlariga jalb etish, ayniqsa, yoshlar va ayollarni kasbga tayyorlash va qayta tayyorlash tizimini takomillashtirishdan iborat.

Seminar davomida O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksiga ko‘ra, majburiy mehnat tushunchasi, mehnat shartnomasini tuzish va bekor qilish, ish vaqti, taʼtillar, mehnatga haq to‘lash, intizomiy jazolarni qo‘llash asoslari va tartibi, mehnatni muhofaza qilish hamda mehnat nizolari yuzasidan tushuntirishlar berildi.

Ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan va faoliyati davomida tushunmovchiliklarga sabab bo‘lgan holatlar yuzasidan savollar bilan murojaat qilishdi va ularga batafsil javob olishdi.

Mehnatga oid qonun hujjatlarining xodimlar va ish beruvchilar tomonidan yaxshi o‘zlashtirganligi qonunbuzilish holatlarini oldini olishga xizmat qilishi nuqtai nazaridan Ombudsmanning mintaqaviy vakili tomonidan har chorakda tuman, shaharlarda shu kabi targ‘ibot tadbirlarini o‘tkazish taklif qilindi va u ishtirokchilar tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.

 Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) Axborot xizmati