Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Inson huquqlari bo‘yicha Ombudsman va Adliya vazirligi o‘rtasida o‘zaro hamkorlik yo‘nalishlari belgilandi
Inson qadrini ulug‘lash, har kimning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini taʼminlash mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning ustuvor yo‘nalishiga aylangan. Bu borada Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) hamda Adliya vazirligi va ularning o‘zaro hamkorligi muhim ahamiyat kasb etadi.

Qayd etish lozimki, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) va Adliya vazirligi o‘rtasida 2005 yilda o‘zaro hamkorlik memorandumi imzolangan bo‘lib, o‘tgan yillar mobaynida inson huquqlarini taʼminlash, kadrlar salohiyatini va aholining huquqiy xabardorligini oshirish borasida samarali hamkorlik qilinmoqda.

Mamlakatda “Inson qadri uchun” tamoyili asosida amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar ushbu davlat organlariga ham alohida masʼuliyat va vazifalar yuklaydi. Shundan kelib chiqib, Ombudsman instituti va Adliya vazirligi o‘rtasida o‘zaro hamkorlik qilish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi tasdiqlandi va hamkorlikning asosiy yo‘nalishlari belgilandi.

Ulardan biri inson huquqlari sohasidagi qonun hujjatlarini doimiy ravishda tahlil qilish va ularni takomillashtirish yuzasidan ishlarni tashkil etish, davlat organlari va tashkilotlari tomonidan inson huquqlari sohasidagi qonunchilik hujjatlariga rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshirishdir. Bunda Ombudsman tomonidan amalga oshirilgan o‘rganishlar, nazorat tadbirlari hamda kelib tushayotgan murojaatlar natijalari tahlillaridan kelib chiqib qonunchilik hujjatlarini takomillashtirishga qaratilgan takliflar ishlab chiqiladi. Shuningdek, inson huquqlari va erkinliklari buzilishiga yo‘l qo‘yilishi mumkin bo‘lgan holatlarni aniqlash va mazkur holatlarni oldini olishga qaratilgan choralar ko‘rib borish ham belgilanmoqda.

Bundan tashqari, davlat organlari va tashkilotlari tomonidan inson huquqlari sohasidagi qonunchilik hujjatlariga rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshirish, mamlakatimizda inson huquqlari va erkinliklarini taʼminlash borasidagi islohotlarni keng jamoatchilikka yetkazish, Ombudsman Kotibiyati xodimlari va mintaqaviy vakillarning salohiyatini oshirish va boshqa yo‘nalishlarda o‘zaro hamkorlik yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilgan.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) Axborot xizmati