Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Toshkentda “Demokratlashtirish, faol fuqarolik jamiyati va inson huquqlari ustuvorligi” mavzusida xalqaro munozara klubi tashkil etildi
2022 yilning 17 fevral kuni Toshkent shahri Markaziy Osiyo davlatlarining “aql markazlari”, fuqarolik jamiyati institutlari vakillari va xalqaro ekspertlar uchun muloqot maydoniga aylandi. Ushbu muloqot maydonida qator davlat organlari vakillari bilan bir qatorda Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) ham ishtirok etdi. Shu kuni Xalqaro munozara klubining “Demokratlashtirish, faol fuqarolik jamiyati va inson huquqlari ustuvorligi” mavzusida navbatdagi sessiyasi tashkil etildi.

Mahalliy va xorijiy ekspertlar ochiq munozara shaklida jamiyatni demokratlashtirish, islohotlar jarayoniga fuqarolar va fuqarolik jamiyati institutlarini jalb qilishning zamonaviy tendensiyalari, inson huquqlarini ilgari surishning ilg‘or tajribalari, fuqarolik jamiyatini zamonaviy talablarni hisobga olgan holda rivojlantirish masalalarini muhokama qildi.

Taʼkidlanganidek, O‘zbekistonda barcha islohotlar markazida inson, uning huquqlari va qonuniy manfaatlari turadi. Ilgari amal qilib kelgan “davlat–jamiyat–inson” tamoyili yangi “inson–jamiyat–davlat” tamoyiliga o‘zgartirildi. Xalqparvar davlat barpo etishning eng muhim sharti sifatida iqtisodiy islohotlar jarayonida inson manfaatlarini taʼminlash bosh mezonga aylandi.“Jamiyat – islohotlar tashabbuskori” degan g‘oya doirasida esa fuqarolik jamiyati institutlarining o‘rni va maqomini konstitutsiyaviy jihatdan mustahkamlash belgilandi.

Toshkent xalqaro munozara klubining inson huquq va erkinliklarini taʼminlashga bag‘ishlangan sessiyasida Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) Feruza Eshmatova so‘zga chiqib, so‘nggi yillarda mamlakatimizda amalga oshirilgan islohotlar Ombudsmanning inson huquq va manfaatlarini taʼminlashga qaratilgan faoliyatini yana-da kuchaytirishga sharoit yaratganiga to‘xtaldi. Uning so‘zlariga ko‘ra, 2019 yilda Ombudsman huzurida tashkil etilgan Qiynoqlarning oldini olish bo‘yicha Milliy preventiv mexanizm doirasida shu kunga qadar harakatlanish erkinligi cheklangan yopiq muassasalarga jamoatchilik vakillari bilan birgalikda 350ga yaqin monitoring tashriflari amalga oshirilgan. O‘rganish tadbirlarida Ombudsman huzuridagi Insonning konstitutsiyaviy huquqlari va erkinliklariga rioya etilishi bo‘yicha komissiya aʼzolari faol ishtirok etishgan. Ushbu komissiya aʼzolari tarkibida qator faol nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyati institutlari vakillari jamlangan.

Monitoringlarda muassasalarda saqlanayotgan shaxslarning yashash sharoitlari, oziq-ovqat bilan taʼminlanishi, kerakli tibbiy xizmat ko‘rsatilishi, ruxiy yoki jismoniy bosimlarning mavjud va mavjud emasligi o‘rganilmokda. Ushbu monitoringlarda aniqlangan kamchiliklar bo‘yicha masʼul tashkilotlarga bartaraf etish va choralar ko‘rish bo‘yicha tavsiyalar berilmoqda. Quvonarli tomoni ushbu tavsiyalar inobatga olinmoqda va so‘nggi yillarda penitensiar muassasalardagi sharoitlar xalqaro standartlar darajasiga yetkazilmoqda.

Shuningdek Inson huquqlari bo‘yicha Ombudsman inson huquq va erkinliklarini taʼminlashga oid qator taklif va tavsiyalarini ham bildirib o‘tdi.

Erkin muloqot shaklida o‘tkazilgan munozara maydonida so‘z olgan O‘zbekiston inson huquqlari «Huquqiy tayanch» jamoat birlashmasi rahbari Aʼzam Farmonov jazoni ijro etish muassasalariga amalga oshirilgan monitoringlarda shaxsan ishtirok etganini bildirdi. Uning taʼkidlashicha Ombudsman boshchiligida o‘tkazilayotgan ushbu o‘rganish ishlari xalqaro hamjamiyatning O‘zbekistondagi qiynoqlar masalasidagi fikrini ijobiy tomonga o‘zgarishiga xizmat qilmoqda. Yuqoridagilarni eʼtiborga olib davlat organlari va fuqarolik jamiyati o‘rtasidagi munosabatlarni yana-da rivojlantirish maqsadga muvofiq.

Ekspertlarning eʼtirof etishicha, O‘zbekistonning siyosiy qiyofasi yangilanishi bilan birga, odamlarning ham, fuqarolik jamiyatining ham dunyoqarashi o‘zgarmoqda. 2016 yildan buyon Shavkat Mirziyoyev xalq bilan samarali muloqot qilish, mansabdor shaxslarning jamiyat oldidagi ochiqligi va masʼuliyatini davlat apparati faoliyatining muhim shartlari sifatida belgilab berdi. Bugun ular mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy hayotining eng muhim, ayniqsa, aholini qiziqtirgan masalalar bo‘yicha qarorlar qabul qilishda jamoatchilik bilan maslahatlashmoqda.

Tadbir “Yuksalish” umummilliy harakati tomonidan Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti bilan hamkorlikda Konrad Adenauer nomidagi fondning Markaziy Osiyodagi vakolatxonasi ko‘magida o‘tkazildi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) Axborot xizmati