Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Parlament komissiyasi tomonidan qanday masalalar ko‘rib chiqildi?
Joriy yilning 9 noyabr kuni Qonunchilik palatasida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining inson huquqlari sohasida O‘zbekiston Respublikasining xalqaro majburiyatlariga rioya etilishi bo‘yicha Parlament komissiyasining navbatdagi yig‘ilishi o‘tkazildi.

Yig‘ilishni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Parlament komissiyasi raisi Akmal Saidov kirish so‘zi bilan ochib, inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilish mexanizmini yana-da takomillashtirish, bu yo‘nalishda parlament, hukumat va fuqarolik jamiyati institutlarining amaliy hamkorligini yo‘lga qo‘yish, shuningdek, inson huquqlari hamda manfaatlarini taʼminlashga qaratish kabi masalalarga alohida to‘xtalib o‘tdi.

Prezidentimizning 2020 yil 29 dekabrda Oliy Majlisga yo‘llagan Murojaatnomasida qiynoqlarning oldini olishda Ombudsman tomonidan har chorakda jamoatchilik vakillari bilan birgalikda tergov izolyatorlari va jazoni o‘tash muassalariga “monitoring tashriflari” tizimli qo‘yilishi, Oliy Majlis palatalari har yili Ombudsmanning qiynoqlarning oldini olish bo‘yicha maʼruzasini eshitish, bu illatga butunlay barham berish bo‘yicha zarur chora-tadbirlarni belgilashi alohida taʼkidlagan edi.

Ushbu belgilangan vazifalarning ijrosini taʼminlash maqsadida joriy yilda davlatimiz rahbarining “Qiynoqqa solish holatlarini aniqlash va ularning oldini olish tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsmani) Feruza Eshmatovaning 2021 yil to‘qqiz oyida harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarda qiynoqqa solish holatlarini aniqlash va ularning oldini olish maqsadida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan tahliliy axboroti eshitildi.

Taqdim etilgan axborotga ko‘ra, Ombudsman huzurida milliy preventiv mexanizm doirasida faoliyat ko‘rsatuvchi jamoatchilik guruhlari tomonidan 2021 yilning to‘qqiz oyida harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarga 120 marotaba monitoring tashriflari amalga oshirilgan.

Ularda harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslarni saqlash sharoitlari, xususan yashash va ovqatlanish, mehnat qilish, tibbiy yordam ko‘rsatish holati va sifati, harakatlanish erkinligi cheklangan shahslar uchun olib borilayotgan maʼnaviy-maʼrifiy ishlar, koronavirus pandemiyasi davrida sanitariya-gigiyena talablariga rioya etilayotgaligi hamda taʼlim-tarbiya berish va boshqa shu kabi holatlar o‘rganilgan.