Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili Tatariston Ombudsmani bilan uchrashdi
Joriy yilning 26 oktyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Feruza Eshmatova mamlakatimizga kuzatuvchi sifatida tashrif buyurgan Tatariston Respublikasi Inson huquqlari bo‘yicha vakili Saburskaya Sariya Xarisovna bilan uchrashdi.

O‘zaro muloqot davomida 24 oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida saylovchilarga yaratilgan sharoitlar va saylovchilarning siyosiy huquqlarini taʼminlashdagi Ombudsmanning o‘rni borasida o‘zaro fikr almashildi.

Taʼkidlanishicha, o‘tgan saylovda nogironligi bo‘lgan shaxslarga ovoz berishlari uchun zarur qo‘shimcha sharoitlarni yaratish bo‘yicha Ombudsman va uning mintaqaviy vakillari tomonidan fuqarolik jamiyati vakillari bilan hamkorlikda qator monitoringlar o‘tkazilib, saylov uchastkalari aʼzolariga tavsiyalar berilgani qayd etildi.

Shuningdek, saylash huquqiga ega bo‘lgan mahbus va mahkumlar o‘z huquqidan hech qanday moneʼliklarsiz foydalana olishlari uchun jazoni ijro etish muassasalarida tashkil etilgan saylov uchastkalari ham o‘rganilgan.

O‘z o‘rnida saylov jarayonlarida xalqaro kuzatuvchi sifatida ishtirok etgan Tatariston Respublikasi Inson huquqlari bo‘yicha vakili Sariya Saburskaya saylov yakunlari bo‘yicha hech qanday qonun buzilish holatlarini kuzatmagani, saylov jarayonlari ochiq va shaffof hamda karantin talablariga muvofiq o‘tkazilganini qayd etdi.

Bu mening yurtingizga birinchi tashrifim va unda O‘zbekistonni o‘zim uchun kashf qildim. Uning madaniyati, boy tarixi, mehmondo‘stligi meni o‘ziga jalb etdi. Sizning mamlakatingizda barcha shart-sharoitlar inson uchun, ko‘plab turar-joy majmualari, ko‘chalar, bolalar maydonchalari va dam olish maskanlarini ko‘rdim. Qolaversa, mamlakatingizda keng ko‘lamda qurilish ishlari ketmoqda. Bularning barchasiga Toshkent, Buxoro va Samarkand shaxarlarida bo‘lganimizda guvox bo‘ldim.

Men ko‘zdan kechirgan saylov uchastkalarining barchasida hamma sharoitlarning yaratilganiga guvoh bo‘ldim. Saylov uchastkalarining xar bir aʼzosi saylovchilarga nisbatan iliq va ochiq munosabatda ekanliklari ularning yuzlaridan sezilib turibti. Meni quvontirgan jixatlardan yana biri, saylovda yoshlarning keng ishtiroki bo‘ldi. Demak yoshlar yuriting kelajagi va taqdiriga befarq emas.

Shuningdek, saylov uchastkasiga kelganlar bilan bir qatorda betob bo‘lib qolganlar uchun ham ko‘chma saylov qutilari xizmati ko‘rsatilishi, nogironligi bo‘lgan shaxslarga muayyan sharoitlar yaratilgani, elektron saylovchilar ro‘yxatining mavjudligi, saylov bo‘yicha mobil telefonlarga SMS xabarlari kelib turgani hamda saylov jarayonlarini OAVda keng va ochiq yoritilganini kuzatdim.

Qolaversa,bugun biz pandemiyaning og‘ir davrida yashayapmiz. Bugungi kunda O‘zbekiston fuqarolarining ko‘p qismi virusga qarshi emlangani - bu xavfsizlik sharoitlarini yaratishga xojat yoq degani emas. Saylov uchastkalarida bu jixat ham eʼtiborga olinib, ular haroratni o‘lchash uchun termometr, himoya niqobi, bir martalik tibbiy qo‘lqop hamda himoya va profilaktika vositalari bilan taʼminlangan edi. Shuningdek, saylovchilar masofa saqlagan holda uchastkaga kiritildi.

Shuningdek, Ombudsmanlar mamlakatda inson huquqlarini taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlar, gender tengligini taʼminlash, nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun qulay sharoitlar yaratish va fuqarolar bilan ishlashda Vakil tomonidan yo‘lga qo‘yilayotgan yangi mexanizmlar borasida o‘zaro fikr almashishdi.

Uchrashuv davomida Tatariston Ombudsmani Feruza Eshmatovaga u tomonidan yuborilayotgan murojaatlarni o‘z vaqtida ko‘rib chiqib, hal etilayotgani bo‘yicha o‘z minnatdorligini bildirdi va kelgusida ham inson huquqlarini taʼminlash borasida o‘zaro hamkorlik aloqalarini yana-da mustahkamlash hamda o‘zaro tajriba almashishga tayyor ekanligini bildirdi.

Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Matbuot xizmati