Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Surxondaryodagi 6 ta mahalla suv toshqini xataridan holi bo‘ldi
Joriy yilning iyun-iyul oylarida Oliy Majlisning inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) nomiga Surxondaryo viloyati Uzun tumani “Fayzobod” mahallasi va uning atrofidagi aholi punktlarida istiqomat qilayotgan fuqarolardan bir necha marotaba murojaat kelib tushgan edi. Ularning so‘nggi murojaati 2021 yilning 3 iyul kuni qabul qilingan.

Shunisi eʼtiborliki, Surxondaryo vohasi yog‘ingarchilik notekis taqsimlanadigan hudud hisoblanadi. Janubiy tumanlardagi tekisliklarga yomg‘ir-qor kam yog‘adi. Biroq, tog‘ yonbag‘irlari bo‘ylab ko‘tarilgach, yog‘in miqdori ikki barobar ortadi. Ayniqsa, Hisor tog‘larining janubiy yonbag‘irlari xatarli hudud hisoblanadi. Shu jihatdan Surxon daryosi o‘zanining o‘zgarishi ko‘plab aholi punktlarida istiqomat qilayotgan fuqarolar hayotini jiddiy xavf ostiga qo‘yadi. Shuni hisobga olgan holda, ushbu murojaatlarning barchasi Ombudsman nazoratiga olinib, tegishli tashkilotlar tomonidan masala ijobiy hal etilishi yuzasidan choralar ko‘rilishi so‘raldi. Muammoni imkon qadar tezroq hal etilishi uchun idoralararo hamkorlik asosida ko‘rib chiqildi.

Murojaatda bayon etilganidek, hududdan oqib o‘tadigan Surxon daryosi o‘zani 90 darajaga o‘zgarishi oqibatida 6 ta mahalla ahli suv toshqini xavfi ostida qolgan. Bundan xavotir olgan aholi ushbu murojaatni yo‘llagan. Ombudsmanning say-harakatlari bilan muammo to‘liq hal etildi. Jumladan, Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan 3 mlrd so‘m miqdorida pul mablag‘lari ajratilib, Surxon daryosining oqim yo‘nalishining 1,3 km.lik qismida o‘zanni taʼmirlash va qirg‘oqlarni mustahkamlash ishlari olib borildi.

Shu kunlarda Uzun tumanining yuqorida tilga olingan hududida istiqomat qilayotgan aholidan kelib tushgan tashakkurnomada fuqarolar muammoning o‘z vaqtida hal etilgani uchun mamlakatimiz rahbariyati va Ombudsmanga minnatdorchilik bildirdilar. Endilikda Fayzobod mahallasi ahli ham tinch mehnat qilib, xotirjam yashamoqda.

Oliy Majlisning inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Matbuot xizmati