Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Ombudsman aralashuvidan so‘ng isteʼmolchining murojaati hal etildi
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakiliga (ombudsmanga) Xorazm viloyatidan kelib tushgan murojaatda fuqaro yangi sotib olgan mashinasida nosozlik borligi va “UZAUTO MOTORS” AJga murojaatlari besamar ketayotgani va uning istemolchi sifatidagi huquqlari poymol etilayotganini qayd etgan.

Maʼlum bo‘lishicha, murojaatchi E.O. joriy yilning 4 mart kuni Xorazm viloyati Urganch shaxridagi “Xorazm-Avtosavdo” MCHJ bilan LACETTI L-ELEGANT/AT PLUS rusumli avtomashina sotib olish uchun shartnoma tuzib, unga 28 aprel kuni mashina yetkazib berilgan. Biroq, oradan to‘rt kun o‘tib mashinada nosozlik aniqlangach, isteʼmolchi darhol avtosalonga murojaat qilgan. Yangi avtomobil texnik xodimlar tomonidan ko‘rikdan o‘tkazilayotgan vaqtda qisqa tutashuv sodir bo‘lib, uning baʼzi simlari erib ketgan. Shundan so‘ng, “Xorazm-Avtosavdo” MCHJ masʼul xodimlari holat yuzasidan “UZAUTO MOTORS” AJga xabar bergan.

Murojaat muallifining so‘zlariga ko‘ra, u “UZAUTO MOTORS” AJga ishonch telefoni orqali ham murojaat yuborgan. Lekin, isteʼmolchi masʼul xodimlar bilan bog‘langanda, ular turli vajlar bilan 20 kun davomida arizani qanoatlantirmay kelishgan.

“Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida” gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 16-moddasiga muvofiq, agar sotuvchi (ishlab chiqaruvchi) isteʼmolchining tovarni almashtirib berish yoki undagi nuqsonlarni bartaraf etish haqidagi talablarini bajarmagan bo‘lsa, isteʼmolchi tovarning xarid narxini nuqsonga mutanosib ravishda kamaytirishni yoki shartnomani bekor qilib yetkazilgan ziyon va maʼnaviy zararni qoplashni talab qilishga haqli.

Shuningdek, mazkur Qonunning 22-moddasida “Isteʼmolchining huquqlari buzilishi tufayli unga yetkazilgan maʼnaviy zarar uchun uni yetkazgan shaxs, basharti u aybdor bo‘lsa, haq to‘lashi lozim. Maʼnaviy zarar uchun to‘lanadigan haq miqdorini sud belgilaydi. Maʼnaviy zarar uchun haq to‘lash mulkiy ziyon va isteʼmolchi ko‘rgan zararning o‘rni qoplanishidan qatʼi nazar amalga oshiriladi” deb belgilangan.

Mazkur murojaat Ombudsman nazoratiga olingach, murojaatchi ishtirokida avtomobil texnik ko‘rikdan o‘tkazilib, uning jgut komplektida nosozlik borligi aniqlangan hamda bartaraf etilgan. Shunday qilib, murojaatchi E.O. yangi sotib olgan avtomobilini 25 kundan so‘ng soz holatda qabul qilib olgan.

Aslida aholining ushbu mazmundagi murojaatlari Ombudsmangacha yetib kelmasidan avval, ishlab chiqaruvchi kompaniya tomonidan shartnomaga muvofiq tezkorlik bilan bartaraf etilishi lozim edi. Ushbu holatda isteʼmolchi talabini qanoatlantirish o‘rniga, uning shikoyatiga eʼtiborsizlik yoki loqaydlik qilgan masʼul xodimlarga nisbatan tegishli choralar ko‘rish tavsiya etiladi. Zero, ishlab chiqaruvchi kompaniya raqobatbardoshliligini saqlab qolish uchun o‘z mijozlarining ishonchini oqlamog‘i lozim.

Bu kabi murojaatlar Ombudsman darajasida hal etiladigan masala bo‘lmasada, isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish nuqtai nazaridan ularni o‘z nazoratiga olmoqda. Shunday holatlarni oldini olish maqsadida Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)   Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi huzuridagi Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish agentligi bilan hamkorlikda ishlashni rejalashtirmoqda.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Matbuot xizmati