Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Ombudsman: saylov jarayonlarida saylash huquqiga ega mahkumlarga ham barcha sharoitlar yaratilishi zarur
Shu kunlarda dunyo hamjamiyatining diqqat eʼtibori O‘zbekistonga qaratilgan. Chunki mamlakatda muhim siyosiy jarayon – O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti saylovi kompaniyasiga start berildi. Mamlakatning keyingi besh yillik taqdiri aynan ushbu siyosiy voqea bilan chambarchas bog‘liq. Unda saylash huquqiga ega bo‘lgan barcha saylovchilar nomzodlarning saylovoldi dasturi bilan tanishgan holda hech bir taʼsir va tazyiqlarsiz o‘zi tanlagan nomzodga ovoz berishi lozim.  

Zero, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 117-moddasida “...Saylovlar umumiy, teng va to‘g‘ridan-to‘g‘ri saylov huquqi asosida yashirin ovoz berish yo‘li bilan o‘tkaziladi. O‘zbekiston Respublikasining o‘n sakkiz yoshga to‘lgan fuqarolari saylash huquqiga egadirlar...” deb belgilangan.

Qayd etish lozimki, so‘nggi yillarda saylovga oid qonunchilikni xalqaro standartlarga mos ravishda takomillashtirilishi natijasida saylov jarayonlarini boshqarish bo‘yicha avtomatlashtirilgan tizim va saylovchilarning yagona elektron ro‘yxati joriy etildi. Xorijda vaqtincha yashab turgan mehnat muhojirlari, talabalar va boshqa yurtdoshlarimizga saylovda ishtirok etishlari uchun keng sharoitlar yaratildi. Ozodlikdan mahrum etilgan, biroq og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyat sodir etmagan mahkumlarga ovoz berish imkoniyati yaratildi.

Bu, albatta, Yangi O‘zbekistonda inson huquqlarining to‘liq kafolatlanishi borasida olib borilayotgan islohotlardan biri. Ushbu o‘zgarishlarning zamirida esa fuqarolarning o‘z xalqi va vatani kelajagiga daxldorlik hissini uyg‘otish kabi maqsadlar namoyon.

Hozirda Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) jazoni ijro etish muassasalariga monitoring tashriflari davomida saylash huquqiga ega bo‘lgan mahbus va mahkumlarga ularning O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti saylovida ishtirok etishi tushuntirilib, saylovga tayyorgarlik jarayonlarida inson huquqlarining to‘liq taʼminlanish holatlari o‘rganilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 5-moddasida sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan fuqarolar, shuningdek og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlar sodir etganligi uchun sudning hukmi bilan ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan shaxslar saylovda ishtirok etmasligi belgilangan.

Saylov kuni 18 yoshga to‘lgan, qamoqda saqlash joylarida ushlab turilgan hamda qamoqqa olingan shuningdek, ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan va uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyatlar sodir etganligi uchun sudning hukmi bilan ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan shaxslar esa ovoz berish huquqiga egadirlar.

2019 yilda insonparvarlik tamoyili asosida saylov qonunchiligiga kiritilgan ushbu yangilik Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YEXHT) Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosining 2014 yilgi  Parlament saylovlarini kuzatish bo‘yicha missiyasining tavsiyasida ham belgilangan edi. Ahamiyatlisi, Yevropaning qator demokratik davlatlari saylov qonunchiligida mahkumlarning saylov huquqlarini cheklash hanuzgacha saqlanib qolgan. O‘zbekiston esa xalqaro demokratik saylov tamoyillariga asosan, og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlarni sodir etmagan mahkumlarga saylovda ishtirok etish imkoniyatini berdi.

Ombudsman saylovga tayyorgarlik jarayonlarida aynan qamoqda saqlash va ozodlikdan mahrum etish joylaridagi maxsus ajratilgan binolarda yashirin ovoz berish uchun yetarli miqdorda kabinalar yoki xonalar tayyorlanganligi, saylov qutilari bilan taʼminlanganlik holatlarini o‘rganadi. Asosiy eʼtibor saylov uchastkasining belgilangan talablarga muvofiq saylovchilarning hech qanday tazyiq va taʼsirlarsiz yashirin ovoz berish huquqlari taʼminlanishi uchun mos tarzda jihozlanganligiga qaratiladi.

Belgilangan tartibga ko‘ra, saylash huquqiga ega mahkumlar qamoqda saqlash va ozodlikdan mahrum etish joylarida tuzilgan saylov uchastkalaridagi saylovchilar ro‘yxatiga kiritiladi. Saylovchilarning ro‘yxatlari esa mazkur muassasalar rahbarlari tomonidan taqdim etilgan maʼlumotlar asosida uchastka saylov komissiyasi tomonidan tuziladi va saylovchilar yagona elektron ro‘yxatiga kiritiladi. Agarda harakatlanish erkinligi cheklangan muassasalarda mahkumning saylash huquqi bo‘la turib unda ishtirok etishiga to‘sqinlik qilish holatlari bo‘yicha murojaatlar kelib tushsa, ular darhol joyiga chiqib o‘rganiladi.  

Qayd etish lozimki, uchastka saylov komissiyasi saylovchilar ro‘yxati, saylash joyi va vaqti to‘g‘risida mahkum-saylovchilarni xabardor qilganida biror bir xato yoki noaniqlik to‘g‘risida uchastka saylov komissiyasiga shikoyat qilishi mumkin. Uchastka saylov komissiyasi 24 soat ichida murojaatni tekshirishi va xatoni yoki noaniqlikni bartaraf etishi yoxud murojaat qiluvchiga uning murojaati rad etilganligi to‘g‘risida asoslantirilgan javob berishi shart.

Saylov kuni qamoqda saqlash va ozodlikdan mahrum etish joylarining maʼmuriyati mahkumlarning saylov uchastkasiga kirib chiqishi va xavfsizligini taʼminlashi, shuningdek, ichki tartib-qoidalariga rioya etishi uchun masʼul hisoblanadi.

Qamoqda saqlash va ozodlikdan mahrum etish joylarida tuzilgan uchastka saylov komissiyalari mazkur muassasalarning maʼmuriyati bilan birgalikda saylovchilarni saylov to‘g‘risidagi qonun hujjatlari, saylovga tayyorgarlik ko‘rish, uni o‘tkazish jarayonlari, saylov o‘tkazish vaqti va tartibi hamda nomzodlar haqida xabardor qilib boradi.

Shuningdek, nomzodlarga, ularning ishonchli vakillariga, siyosiy partiyalarga fuqarolar bilan uchrashuvlar o‘tkazish orqali saylovoldi tashviqoti uchun teng sharoitlar yaratib berilishi lozim. Shundagina mahkumlar nomzodlar tomonidan ko‘tarilayotgan tashabbuslar asosida ulardan birini tanlaydi va saylash huquqidan foydalanadi. Ombudsman va uning mintaqaviy vakillari tomonidan olib boriladigan o‘rganishlarda ayni shu jixatlar eʼtiborga olinadi.

Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, ushbu saylov jarayonlarida fuqarolarning saylash huquqini taʼminlash, ularga belgilangan tartib-taomillar asosida sharoitlar yaratish va saylovni ochiq, adolatli va albatta teng saylov huquqi asosida o‘tkazilishi muhim ahamiyatga ega. Chunki ushbu jarayonlar O‘zbekistonning jahonda tutgan o‘rni, xalqaro nufuzi va imidjiga bevosita va bilvosita taʼsir ko‘rsatadi. Mamlakat kelajagiga befarq bo‘lmang! Saylovlarda o‘z ovozingiz bilan ishtirok eting. Zero, bu Sizning Bosh qomusimizda aks etgan siyosiy huquqingizdir.  

Feruza ESHMATOVA

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)