Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Ombudsman Feruza Eshmatova AQSHning O‘zbekistondagi elchisi Deniyel Rozenblyum bilan uchrashdi
Joriy yilning 9 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Feruza Eshmatova AQSHning O‘zbekistondagi elchisi Deniyel Rozenblyumni qabul qildi.

Suhbat davomida, Davlatimiz rahbari Sh.M.Mirziyoyevning Parlamentga yo‘llagan Murojaatnomasida qiynoqlar masalasiga alohida eʼtibor qaratganligi, Ombudsman instituti zimmasiga mamlakatimizda qiynoqlarning har qanday ko‘rinishiga qarshi kurash, bunday holatlarga yo‘l qo‘ymaslik, inson huquq va manfaatlarini kafolatlash bo‘yicha qator vazifalarni yuklash bilan birga uning vakolatlarini kengaytirish masalasini ham ilgari surayotgani qayd etildi.

Taʼkidlanishicha, 2021 yildan Ombudsman huzuridagi qiynoqlarning oldini olish bo‘yicha Milliy preventiv mexanizm doirasida jazoni ijro etish muassasalari, tergov xibsxonalari va boshqa yopiq muassasalarga jamoatchilik vakillari hamda OAV ishtirokida o‘tkaziladigan monitoring tashriflarini tizimli yo‘lga qo‘yilgani hamda bu borada Parlamentga muntazam tarzda maʼlumotnoma kiritib borish amaliyoti yo‘lga qo‘yilgan.

Shuningdek, Vakil nomiga kelib tushgan murojaatlarning hududlar kesimidagi tahlili asosida Ombudsman, parlament aʼzolari, qolaversa, ijro organlari vakillari bilan birgalikda sayyor qabullar tashkil etish hamda muammolarni joyida hal etish rejalashtirilmoqda.

Uchrashuvda Ombudsman Feruza Eshmatova aholining murojaatlari bilan ishlashda natijadorlikka, har bir murojaat yechimi topilishiga asosiy eʼtibor qaratilishini alohida qayd etdi.

Deniyel Rozenblyum — AQSHning O‘zbekistondagi elchisi

 - Bugungi uchrashuv men uchun juda foydali bo‘ldi. Inson huquqlari bo‘yicha vakildan Ombudsmanning ustuvor vazifalari haqida ko‘p maʼlumotlar oldim. Ombudsman ko‘p ishlar amalga oshirmoqda va u inson huqularini taʼminlashda tobora muhim rol o‘ynamoqda. Jumladan, ular jazoni ijro etish muassalariga monitoring tashriflarini amalga oshirib, mahkumlar huquqlarining taʼminlanishi holatini o‘rganmoqda. Bularning bari xalqaro normalar asosida amalga oshirilmoqda. Bu ishlar davom etmog‘i lozim. Shuningdek, Ombudsmanning fuqarolik jamiyati tashkilotlari bilan hamkorligi doimiy bo‘lishi lozim. Chunki bunday tashkilotlar xalq bilan doimiy muloqotda bo‘lib, ularning muammolari va shikoyatlarini o‘rganadi. Yana shuni aytmoqchimanki, bu demokratiya masalalari, xalqaro inson huquqlariga rioya qilish jarayonlari birdan hal etiladigan masala emas. Bu doimiy davom etuvchi jarayondir. Hamma davlatlarda, jumladan AQSHda ham shunday. Biz AQSHda ham bu jarayonni yakunlamaganmiz va bundan keyin ham davom etadi bu jarayon. Biz esa takomillashtirib bormoqdamiz. Eng muhimi, fuqarolarning muammolariga, shikoyatlariga doim quloq tutmoq lozim. Ularga yechim topish esa eng muhim masaladir.

Uchrashuvda O‘zbeksitonning BMT Inson huquqlari bo‘yicha Kengashiga aʼzoligi doirasida 2021-2022 yillarda birgalikda amalga oshirilishi nazarda tutilgan rejalar va tadbirlar muhokama etildi.

 

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Matbuot xizmati