Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Xotin-qizlar huquqlarini taʼminlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishidir
 Kuni kecha Davlat rahbari raisligida xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash tizimi hamda ularning jamiyatdagi mavqeini yana-da mustahkamlash masalalari bo‘yicha bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida bugungi kunning dolzarb vazifalari muhokama etildi.

Qayd etish lozimki, yurtimizda xotin-qizlarning ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy faolligini oshirish, ularning maʼnaviy va intellektual salohiyatini yuksaltirish, salomatligini mustahkamlash, oila, onalik va bolalikni muhofaza qilish bo‘yicha imkoniyatlar hamda huquqiy kafolatlar yaratilgan.

Mamlakatda sog‘lom oilani shakllantirish, oilada yuksak darajadagi maʼnaviy-axloqiy muhitni qaror toptirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, yoshlarni oila qurishga tayyorlash, oila mustahkamligini taʼminlash va uning manfaatlarini himoya qilish, sog‘lom bola tug‘ilishi va uni tarbiyalash masalalari davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan.

Bu boradagi islohotlar respublikamizning chekka hududlariga yetib borishi va xotin-qizlar davlatning qo‘llab-quvvatlashi va himoyasida ekanini bilishi zarur.

Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan hozirgi kunda “Ayollar daftari”da 630 mingdan ziyod xotin-qiz ro‘yxatda turgani, ulardan 200 ming nafari ishsiz ekani hamda ayollar o‘rtasida jinoyatchilik, oilada zo‘ravonlik va tazyiq holatlari, afsuski, hali ham uchrayotgani kuyinchaklik bilan qayd etildi. Ushbu raqamlar esa bevosita islohotlarning barcha mahallalar kesimida birday ishlamayotganini, joylardagi baʼzi mansabdor shaxslar tomonidan murojaatlar yuzaki ko‘rilayotganidan dalolat.

Xotin-qizlarning huquqlarini himoya qilish Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) faoliyatining ustuvor vazifalaridan biri sanaladi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakiliga (Ombudsmanga) 2021 yilda 18738 ta murojaat kelib tushgan bo‘lsa, uning 8054 tasi yaʼni 42,9 foizi xotin-qizlar tomonidan yuborilgan.

To‘g‘ri, mamlakatimizda ijtimoiy munosabatlar sohasida yuz berayotgan barcha yangilanish jarayonlari muayyan qiyinchiliklarsiz kechmaydi. Fuqarolar oila-nikoh munosabatlarida tez-tez ana shunday muammolarga duch kelishmoqda va bu Vakilga yo‘llagan murojaatlarida o‘z aksini topmoqda.

2021 yilida oilani himoya qilish bilan bog‘liq jami 391 ta murojaat kelib tushgan bo‘lib, ularning 228 tasida oilada ayolning turmush o‘rtog‘i tomonidan tahqirlanishi, 91 tasida Voyaga yetmaganlarning huquqlari, 17 tasida oilada turmush o‘rtoqlaridan birining ota-onasi va yaqin qarindoshlari tomonidan tahqirlanishi, 17 tasida farzandini o‘z qaramog‘iga olish bo‘yicha, 7 tasida bolalarni ota-onasining uy-joyiga bo‘lgan huquqlari va 31 tasida boshqa holatlar taʼkidlangan.

Ushbu murojaatlar Ombudsman tomonidan darhol nazoratga olinib, tegishli chora-tadbirlar ko‘riladi. Lekin, tan olish kerakki xotin-qizlar orasida o‘z huquqlarini yaxshi bilmaydigan, doimo qiynoqqa uchragani uchun qo‘rqoq, ojiza, himoyasiz bo‘lib qolgan, huquqiy xabardorligi yetarli darajada bo‘lmaganlari ham bor. Ular Ombudsmanga murojaat qilmasa biz ham ularning og‘riqli muammolaridan bexabar qolishimiz mumkin.

Davlatimiz rahbari ayollarning huquqiy himoyasini kuchaytirish masalasiga alohida urg‘u berib, bugungi kunda tazyiq va zo‘ravonlikka uchragan ayollarni himoyaga olish tizimini takomillashtirish zarurati bor ekanini qayd etdi. Haqiqatdan ham tazyiqqa uchragan ayollar 30 kun muddatga alohida himoyaga olinadi, undan keyingi jarayonlarning borishi bo‘yicha tizimda bo‘shliqlar mavjud.

Kelgusida ayollarning tazyiq va zo‘ravonlikdan himoyasi sud tomonidan taʼminlanishi, alohida himoyaga olish muddatining bir yilgacha belgilanishi esa ularga yetarli darajada psixologik, ijtimoiy, huquqiy yordam berilishi va ish bilan taʼminlanishiga xizmat qiladi.

Davlat rahbari videoselektor yig‘ilishida xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash masalasi mamlakatimizning taraqqiyot strategiyasida eng muhim yo‘nalishlardan biri sifatida belgilangani va ularning ijrosini tizimli tarzda, har bir mahalla kesimida amalga oshirish uchun Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasini tashkil etish to‘g‘risida Prezident farmoni qabul qilinganini qayd etdi.

Albatta islohotlarni har bir mahalla kesimida amalga oshirish ko‘plab huquqlari qo‘pol ravishda buzilgan yoki chetlab o‘tilgan himoyasiz va ojiz xotin qizlarni aniqlash va ularga amaliy yordam berishga zamin yaratadi.

Taʼkidlash joizki, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar keng qamrovli bo‘lib, ular xotin-qizlarni taʼlim olishi, ish va uy-joy bilan taʼminlanishi, ularga teng mehnat sharoitlari yaratilishi bir so‘z bilan aytganda har tomonlama qo‘llab-quvvatlashni o‘z ichiga oladi. Davlat rahbari ham o‘z maʼruzasida “Endi har bir mahallada ayollarning dardi bilan yashaydigan tizim bo‘ladi. Qaysi ayolga nima kerakligi, o‘qishi, davolanishi, bolalari tarbiyasi bo‘yicha mening stolimda adolatli raqam bo‘ladi, – deb taʼkidladi.

Qolaversa, 2022 yil 1 sentyabrdan xususiy sektorda rasmiy ishlayotgan ayollarga homiladorlik nafaqasini davlat tomonidan to‘lash tizimini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ko‘rsatma berilgani xotin-qizlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashdagi muhim qadam hisoblanadi. Bu barcha uchun teng shart-sharoitlar yaratilishiga xizmat qiladi.

Shuningdek, yig‘ilishda ipoteka kreditlari bo‘yicha ajratiladigan subsidiyalarning kamida 40 foizi xotin-qizlarga yo‘naltirilishi belgilandi.

Ularning salomatligini tiklash bo‘yicha ham aniq tadbirlar amalga oshiriladi. Xususan, joriy yilda 6 ming nafar ayolga yuqori texnologik tibbiy yordam ko‘rsatiladi. Nogironligi bo‘lganlar reabilitatsiya vositalari bilan taʼminlanadi. 3 million nafar xotin-qiz onkologik skriningdan o‘tkaziladi. Shuningdek, qizlarni emlash, fertil yoshdagi ayollarni dori va vitaminlar bilan bepul taʼminlash bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Ayniqsa, 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Xotin-qizlar taʼlimini qo‘llab-quvvatlash dasturi ishlab chiqilishi jamiyatimizda olima ayollar ulushini sezilarli oshirish xizmat qiladi. Chunki dasturga ko‘ra, davlat-xususiy sherikchilik asosida to‘qimachilik sohasida alohida universitet tashkil etish, yangi o‘quv yilidan boshlab, taʼlim kontraktlarini to‘lash uchun qizlarga ilk marotaba 7 yil muddatga foizsiz kredit berish joriy qilinadi.

Kelgusi o‘quv yilidan boshlab, magistraturada o‘qiyotgan qizlarning kontrakt pullari to‘liq byudjetdan qoplab berilishi, ehtiyojmand oila vakillari, ota yoki onasini yo‘qotgan talaba qizlarning taʼlim kontrakti mahalliy byudjetdan to‘lanishi, shuningdek, doktorantura yo‘nalishida xotin-qizlar uchun har yili kamida 300 tadan maqsadli kvota ajratilishi va boshqa tashabbuslar mamlakatimizda har sohada gender tengligi taʼminlanishiga va rivojlanish ko‘rsatkichlarining jadallashishiga zamin yaratadi.

Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, mamlakatda xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida yana bir muhim qadam qo‘yildi. Maqsad aniq va ulug‘vor, harakatda esa hamohanglik bo‘lishi zarur. Ushbu maqsad yo‘lida Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) yangi tashkil etilgan Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi bilan hamkorlikda ishlashga tayyor.

Feruza Eshmatova

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman)

Yangiliklar kategoriyalari