Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Markaziy Osiyo davlatlari Ombudsmanlari o‘rtasida ikki tomonlama Memorandumlar imzolandi
2022 yilning 28 iyun kuni “O‘zbekiston” xalqaro anjumanlar saroyida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman), BMTning O‘zbekistondagi vakolatxonasi, USAIDning O‘zbekistondagi missiyasi, YEXHTning O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori, Xalqaro qamoqxonalar islohoti (PRI) tashkilotlari bilan hamkorlikda Markaziy Osiyo davlatlari Ombudsmanlarining I-Forumi o‘tkazildi. Mazkur forum “Markaziy Osiyo davlatlari Ombudsmanlarining inson huquq va erkinliklarini

Maʼlumki, O‘zbekiston Respublikasining tashqi siyosatida Markaziy Osiyo davlatlari bilan hamkorlik qilish masalasi ustuvor vazifa sifatida belgilangan.

Qayd etish lozimki, Markaziy Osiyo davlatlari Ombudsmanlarining ilk Forumi aynan O‘zbekistonda o‘tkazildi. Bundan buyon ham inson huquqlarining taʼminlanishida tajriba almashish maydoni bo‘lgan mazkur Forum Markaziy Osiyo davlatlarida anʼanaviy ravishda har yili tashkil etilishi rejalashtirilgan.

Mazkur Forumni tashkil etishdan asosiy maqsad, Markaziy Osiyo davlatlari Ombudsmanlarining inson huquqlari sohasidagi xalqaro hamkorligini rivojlantirish, inson huquqlarini dolzarb masalalari bo‘yicha mintaqaviy muhokamalar tashkil qilish hamda bu yo‘ldagi saʼy-harakat va imkoniyatlarni birlashtirishdan iborat.

Forumda Oliy Majlis Senat raisi va aʼzolari hamda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari va deputatlari, Konstitutsiyaviy sud, Oliy sud, Bosh prokuratura, Tashqi ishlar vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Adliya vazirligi, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi hamda qator davlat tashkilotlari vakillari, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) huzuridagi komissiya aʼzolari, BMTning O‘zbekistondagi vakolatxonasi, USAIDning O‘zbekistondagi missiyasi, YEXHTning O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori, Xalqaro qamoqxonalar islohotining (PRI) Markaziy Osiyodagi vakolatxonasining Mintaqaviy dasturiy menedjeri, BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi vakili, YUNISEFning O‘zbekistondagi vakili, BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasi Markaziy Osiyo uchun mintaqaviy bo‘linmasi, BMTning giyohvand moddalar va jinoyatchilikka qarshi kurashish boshqarmasi hamda Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston davlatlari Ombudsmanlari shuningdek, fuqarolik jamiyati institutlari va OAV vakillari ishtirok etishdi.

Qayd etish lozimki, 1995 yil 23 fevral kuni MDH davlatlari orasidan O‘zbekistonda birinchilardan bo‘lib Ombudsman instituti joriy etilgan. O‘tgan davr mobaynida Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) ko‘plab fuqarolarning murojaatlarini hal etish jumladan, harakatlanish erkinligi cheklangan yopiq muassasalarda saqlanayotgan shaxslarning huquq va erkinliklarini himoya qilishda o‘zining munosib o‘rniga ega bo‘ldi. Bir qancha xorijiy mamlakatlarning inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar bilan o‘zaro hamkorlik to‘g‘risida memorandumlar imzolandi, Xalqaro Ombudsman instituti, Yevropa Ombudsman instituti, Osiyo Ombudsmanlar Assotsiatsiyasi, Turkiy tilli davlatlar Ombudsmanlari hamda Inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar Assotsiatsiyasi hamda Yevroosiyo Ombudsmanlari Alyansi kabi xalqaro tashkilotlarning to‘la qonli aʼzosi bo‘ldi.

Forum doirasida Markaziy Osiyo davlatlari Ombudsmanlari o‘rtasida ikki tomonlama Memorandumlar imzolandi. Mazkur memorandum Markaziy Osiyo davlatlari Ombudsmanlarining aloqalarni yana-da mustahkamlashga xizmat qiladi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman)ga 2021 yilda jami 18 738 ta murojaat kelib tushgan bo‘lsa, shundan 60ga yaqini xorijiy davlatlardan yuborilgan. 2022 yilning 6 oyi davomida xorijiy davlatlardan yuborilgan murojaatlar soni 32 tani tashkil etadi. Ushbu murojaatlarning ko‘p qismi Markaziy Osiyo davlatlari hisobiga to‘g‘ri keladi. Shu nuqtai nazardan ham Markaziy Osiyo davlatlari Ombudsmanlarining asosiy faoliyat yo‘nalishlaridan biri sifatida fuqarolar murojaatlarini hamkorlikda ko‘rib chiqish vazifasi belgilandi.

Mazkur xalqaro Forum uch sessiyadan iborat bo‘ldi. Unda xotin-qizlar, bolalar, nogironligi bo‘lgan shaxslarni himoya qilish va rag‘batlantirish hamda raqamli texnologiyalardan foydalanishning ahamiyati hamda jazoni ijro etish muassasalarida saqlanayotgan shaxslar huquqlarining taʼminlanishi borasida o‘zaro tajriba almashildi.

Forum yakunida Markaziy Osiyo davlatlari Ombudsmanlari I-Forumi Toshkent deklaratsiyasi qabul qilindi.

Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) Axborot xizmati