Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Inson huquq va erkinliklari taʼminlanishidagi muhim tarixiy qadam
Har bir davlat o‘z tajribasidan kelib chiqib, yillar davomida inson huquq va manfaatlarining taʼminlanishiga xarakat kiladi mazkur yo‘nalishda o‘z strategiyasini ishlab chiqadi, uni amalga oshiradi. O‘zbekistonda qariyb 26 yildan buyon faoliyat yuritayotgan Ombudsman instituti ham chorak asr davomida tajriba to‘pladi, tegishli qonunchilik asoslari mustahkamlandi, vakolatlari kengaydi va bu jarayon hozirda ham davom etmoqda. Xususan, Davlat rahbarining joriy yil 10 sentyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Farmoni ham mamlakatimizda inson huquq va manfaatlarini taʼminlash yo‘lidagi muhim tarixiy qadam bo‘ldi.

Mazkur hujjat Ombudsman institutining mustaqil milliy institut sifatidagi ahamiyatini yana-da oshirish, fuqarolar huquq va erkinliklariga rioya etilishini taʼminlash borasidagi vakolatlarini va xududlardagi faoliyatini kengaytirish hamda unga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy qilishga qaratilgani bilan juda katta ahamiyatga egadir.

Farmon bilan Ombudsmanning eng ustuvor vazifalari sifatida inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish sohasida davlat siyosatini shakllantirish va uni amalga oshirishda ishtirok etish belgilandi. Shuningdek, davlat organlari va tashkilotlari, shu jumladan huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat qiluvchi organlarining qonunchilikka rioya etilishi ustidan taʼsirchan parlament nazoratini amalga oshirishga urg‘u berildi. Farmonda Ombudsmanning inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini buzilishi to‘g‘risidagi murojaatlarni ko‘rib chiqish, inson huquqlari sohasidagi qonun hujjatlari normalarining ijrosini o‘rganish hamda ularni takomillashtirish yuzasidan takliflar tayyorlashiga ham alohida eʼtibor qaratilgan. Shuningdek, Ombudsmanga qonunchilik tashabbusi huquqi berilmokda, bu bejiz emas, chunki inson huquqlari himoyasiga oid eng samarali takliflar aynan Ombudsmanning kundalik amaliyotida, odamlar, davlat va nodavlat tashkilotlari, sud hokimiyati va ekspertlik hamjamiyati bilan bevosita hamkorlikda shakllanadi. Bu borada yechimini kutayotgan muammolar ham aynan shu jarayonda yuzaga chiqadi. Shu jihatdan yangi farmon Ombudsman institutining amaliy ahamiyatini kuchaytirishga ham xizmat qiladi.

Shuningdek, hujjatda harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarda qiynoqqa solish hamda boshqa g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomalaning oldini olish bo‘yicha taʼsirchan choralarni ko‘rish vazifasi ham belgilangan. Inson huquqlari buzilgan holatlar haqidagi xabarlarni vakolatli davlat organlari, mansabdor shaxslar va nodavlat tashkilotlar vakillari bilan birgalikda tekshirish, aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini oshirishga ko‘maklashish hamda inson huquqlari sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish ham Ombudsmanning muhim funksiyalari qatorida qayd etildi.

Shu o‘rinda qayd etish lozimki, aholi murojaatlari bilan ishlashda Ombudsmanning hududlarda doimiy asosda ishlovchi vakilining yo‘qligi, qator muammolarni yuzaga ketirayotgan, ko‘p hollarda aholining vaqt va mablag‘ sarf qilib, murojaat qilish uchun poytaxtga kelishiga sabab bo‘layotgan edi. Chunki, shu paytgacha Ombudsmanning mintaqaviy vakillari jamoatchilik asosida ishlab, inson huquqlarini himoya qilishdagi faoliyatini asosiy ishidan ajralmagan holda olib borar edi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining mazkur farmoni bilan 2022 yilning 1 yanvaridan Obudsmanning mintaqaviy vakillari doimiy asosda ishlaydigan bo‘ldi. Bu juda xam muxim, chunki endi xalkimizning muammolari va masalalarini bevosita joyida tezkorlik bilan xal etilishiga erishiladi.

Ombudsman mintaqaviy vakillari o‘z faoliyati davomida inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga rioya etilishini taʼminlaydi, inson huquqlari monitoringini tashkil etadi va o‘tkazadi. Jumladan, fuqarolarning shikoyatlarini qabul qiladi va ko‘rib chiqadi, ularning buzilgan huquqlarini tiklashda ko‘maklashadi. Shuningdek, ushlab turilgan, qamoqqa olingan, maʼmuriy jazo o‘tayotgan va ozodlikdan mahrum qilingan shaxslar bilan uchrashuv va suhbatlar o‘tkazadi.

Eʼtiborli jixati faoliyati davomida o‘z tashabbusi bilan yoki murojaat muallifining iltimosiga ko‘ra, shikoyatni ekspertlar, mutaxassislar va manfaatdor tashkilotlar vakillarining ishtirokida ko‘rib chiqishni tashkil qilish huquqiga ham ega. Farmonga shuningdek, inson huquqlarini taʼminlashda hududlarda joylashgan davlat organlari va tashkilotlariga moneliksiz kirishi va ularning mansabdor shaxslari tomonidan zudlik bilan qabul qilinishi belgilanmokda.

Ombudsmaning mintaqaviy vakillariga yuklatilayotgan vazifa va berilayotgan vakolatlar ularga nisbatan bildirilayotgan ishonchni anglatadi. Endilikda ham ular o‘z vazifalariga vijdonan yondoshgan holda murojaatchilar muammolarini tinglashlari va buzilgan huquqlarini tiklash bo‘yicha bor imkoniyatlarini ishga solishlari lozim.

Taʼkidlash joizki, ular hududlarda inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga rioya qilinishi ahvoli bo‘yicha tegishincha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlariga yili maʼruza taqdim qiladi.

Tabiiyki, amaldagi “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) to‘g‘risida”gi Qonunni Farmonda aks etgan islohotlar asosida takomillashtirish vazifasi ham qo‘yildi. Jumladan, ishlab chiqilishi rejalashtirilayotgan qonun loyihasida mintaqaviy vakilning maqomi, vazifa va vakolatlariga oid normalar kiritiladi. Shuningdek, jazoni ijro etish muassasalari va tergov hibsxonalari hududida "Ombudsman qutisi"ni saqlashning huquqiy mexanizmlari, inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga rioya etilishi va himoya qilinishi holati to‘g‘risida Ombudsman tomonidan jamoatchilikni xabardor qilish tartibi va mexanizmi kabi qator masalalar ham qonunnning yangi tahririda aks ettiriladi.

Hozirda har bir sohaga tadbiq etilayotgan axborot kommunikatsiya texnologiyalari va raqamlashtirish amaliyotining inson huquqlari sohasiga ham keng joriy qilish davr talabi. Shuningdek, bu tashkilotning  ochiqlik va shaffoflik tamoyillari asosida ishlashining muhim mexanizmidir. Shu nuqtai nazardan Farmon bilan Ombudsman institutining elektron hujjat aylanish tizimini yaratish va uni ishga tushirish, ushbu tizimni vazirlik va idoralarning axborot tizimlari hamda maʼlumotlar bazasi bilan integratsiya qilish, shuningdek, Ombudsman rasmiy veb-saytining uzluksiz ishlashini taʼminlash vazifasi ham qo‘yilmoqda. Bu orqali murojaatlarni yuborishdan tortib, uning hal etilishigacha bo‘lgan jarayonni elektronlashtirish, murojaatlar bilan ishlashda zamonaviy axborot kommunikatsiya texnologiyalari imkoniyatlaridan keng foydalangan holda aholi uchun qulayliklar yaratishga erishiladi.

Mazkur Farmon bilan Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar rejasi ham tasdiqlandi. Ushbu chora-tadbirlar rejasi orqali bosqichma-bosqich inson huquq va manfaatlarini taʼminlash yo‘lida Ombudsman instituti faoliyati samaradorligi yana-da oshiriladi.

Bir so‘z bilan aytganda, Davlat rahbarining inson huquqlarini kafolatlashga qaratilgan mazkur farmonini kutilgan va tarixiy hujjat deyish mumkin. Chunki, unga muvofiq joriy etiladigan islohotlar zanjiri asosida Ombudsmanning murojaatlar bilan ishlash va qiynoqlarga qarshi kurashishdagi hududlardagi faoliyati kuchaytiriladi,  qonunchilik asoslari yana-da takomillashtiriladi va Ombudsman faoliyatini raqamlashtirish orqali murojaatchilarga qulayliklar yaratiladi. Albatta, inson huquq va erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini taʼminlash, xalqni rozi qilish borasidagi islohotlar bundan buyon ham davom etadi.

Feruza ESHMATOVA

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)