Vengriya Respublikasining Asosiy huquqlar komissari Akos Kozma taklifiga binoan Vengriyaga tashrif buyurgan delegatsiya aʼzolari 2023 yilning 18 may kuni Milliy politsiya Bosh boshqarmasi va Vengriya penitensiar xizmati milliy shtab-kvartirasi vakillari bilan uchrashishdi.
Xizmat safari doirasida delegatsiya aʼzolari Vengriya tashqi ishlar va savdo vazirligida xavfsizlik siyosati bo‘yicha Davlat vaziri Peter Staray bilan ham uchrashishdi.
O‘z navbatida, Peter Staray, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Vengriya davlatiga qilgan tashrifi yakunlariga ko‘ra, mamlakatlarning ishbilarmon doiralari vakillari bilan aniq investitsiya loyihalarini amalga oshirish rejalari ko‘rib chiqilib, salmoqli hujjatlar to‘plami imzolanganini, ushbu safar O‘zbekiston va Vengriya aloqalarining yana-da mustahkamlanishiga xizmat qilishini bildirdi.
Shuningdek, mezbon Vengriya turkiy tilli davlatlar mamlakatlari Ombudsmani institutlari o‘rtasida inson huquqlari sohasida o‘zaro hamkorlikni rivojlantirishdan manfaatdor ekanligini taʼkidladi.
Shu kuni O‘zbekiston Parlamenti Ombudsmani Feruza Eshmatova Vengriya Respublikasi Asosiy huquqlar komissari Akos Kozma tomonidan tashkil etilgan Turkiy tilli Ombudsman va inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar rahbarlarining birinchi rasmiy konferensiyasida ishtirok etdi.
Tadbirda Vengriya, Ozarbayjon, Turkiya va Qozog‘iston Ombudsmanlari institutlari vakillari, shuningdek, Vengriyadagi huquqni muhofaza qilish organlari vakillari va boshqalar ishtirok etishdi.
F.Eshmatova o‘z nutqida mamlakatimizda so‘nggi yillarda olib borilayotgan islohotlar, Ombudsman institutining asosiy faoliyat yo‘nalishlari, jumladan murojaatlar bilan ishlash, fuqarolik jamiyati institutlari bilan hamkorlik, harakatlanish erkinligi cheklangan yopiq muassasalarga amalga oshirilayotgan monitoring tashriflari hamda xalqaro hamkorlik borasida faoliyati bilan tanishtirdi.
Mazkur konferensiya Vengriya Respublikasiga amalga oshirilgan xizmat safarini yakunlab berdi. O‘zbekiston, Turkiya, Ozarbayjon va Qozog‘iston Ombudsman institutlari vakillaridan iborat delegatsiya aʼzolari 16-19 may kunlari Vengriyaning bir qancha hududlarida bo‘lib, Vengriya Ombudsmani va uning hududiy bo‘limlari hamda mamlakatdagi jazoni ijro etish muassasalari va huquqni muhofaza qiluvi organlar faoliyati bilan tanishdi.
Turkiy tilli davlatlar Ombudsmanlari institutlari o‘rtasidagi inson huquqlarini taʼminlash sohasidagi hamkorlikni yana-da mustahkamlashning ramziy belgisi sifatida Vengriya, O‘zbekiston, Turkiya, Ozarbayjon va Qozog‘iston davlatlari vakillarining ko‘chat ekish marosimi ham bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Ombudsmani tomonidan Chinor – umriboqiy daraxti ekildi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati