Murojaatchining so‘zlariga ko‘ra, boshpanasi yo‘qligi sababli u 2006 yildan beri ko‘chada yashaydi va shu sababli sog‘lig‘i ancha yomonlashgan.
Ombudsman xodimlari tomonidan ishchi guruh tashkil etilib, murojaat joyiga chiqib o‘rganildi. Fuqaro Sh.L. «O‘zbekiston temir yullari» poliklinikasi hovlisidagi o‘rindiqlardan topildi. U bilan suhbatlashib qayerda tunashi va ovqatlanish sharoitlari o‘rganildi. Aniqlanishicha, avvallari shahar tashqarisidagi uylardan birida qo‘riqchi bo‘lib ishlagan, lekin uy egasi turar-joyini sotgani sababli fuqaro Sh.L. ko‘chada qolgan. Murojaatchining qarindoshlari va bolalari yo‘q, o‘zi esa keksayib qolgan.
Maʼlumki, so‘nggi yillarda mamlakatimizda ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning samarali tizimini shakllantirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. Qabul qilingan hujjatlarga asoslanib, Ombudsman O‘zbekiston Respublikasi Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligiga murojaat qilib, fuqaro Sh.L.ni qariyalar uyiga joylashtirishda amaliy yordam so‘raldi.
Natijada murojaatchi Toshkent viloyati Ohangaron tumanidagi "Saxovat " internat uyiga joylashtirildi.
2022 yil 27 dekabr kuni Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakilining Toshkent viloyatidagi mintaqaviy vakili internat uyiga borib, fuqaro Sh.L. bilan suhbatlashdi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati