Ushbu xalqaro tadbirni tashkil etishdan maqsad O‘zbekistondagi inson huquqlari sohasidagi islohotlarni jahon hamjamiyatiga yetkazish, yoshlarni, nogironligi bo‘lgan shaxslarni ijtimoiy muhofaza qilish, ular huquqlarini taʼminlash Ombudsmanning Milliy preventiv mexanizm doirasida jamoatchilik vakillari bilan birgalikda tergov izolyatori va jazoni o‘tash muassasalariga “monitoring tashriflari”ni amalga oshirish tizimini hamda qonun ijodkorligi faoliyatini takomillashtirishning dolzarb masalalarini muhokama qilish va bu boradagi milliy va xorijiy tajribalarni o‘rganish yuzasidan tadbir ishtirokchilariga maʼlumotlarni yetkazish hisoblanadi.
Tadbirda YEXHTning O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori, elchi Pyer Fon Arks O‘zbekiston Respublikasida inson huquq va manfaatlarini taʼminlash sohasida muhim islohotlar amalga oshirilgani va bu borada Ombudsman instituti demokratik jamiyatni rivojlantirishda muhim ahamiyatga ega ekanini taʼkidladi. Shuningdek, elchi BMTning nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi Konvensiyasini O‘zbekiston Respublikasi tomonidan ratifikatsiya qilinishi mamlakatning imkoniyati cheklangan shaxslarning huquqlarini himoya qilish va ularga teng imkoniyatlar yaratish masalasiga alohida eʼtibor qaratilayotganining aniq ko‘rsatkichi ekanini qayd etdi.
BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasi Markaziy Osiyo uchun mintaqaviy bo‘linmasi rahbari Rishard Komenda BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasi Ombudsman instituti bilan uning mustaqilligi va qonunchilik asoslarini mustahkamlash hamda uning Parij tamoyillariga rioya etilishi bo‘yicha faol ish olib borayotganini taʼkidladi. “BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasi O‘zbekiston Parlament Ombudsmaniga Milliy inson huquqlarini himoya qilish muassasalarining Global alyansi tomonidan “B” maqomini berilishida ko‘maklashdi va bu juda muhim qadam bo‘ldi. Hozirda Ombudsman instituti “A”maqomini olishida ham qo‘llab-quvvatlashga tayyormiz” - dedi Rishard Komenda.
Tailand qirolligi Bosh Ombudsmani Somsak Suvansudjarit o‘z so‘zida O‘zbekistondagi islohotlarni ijobiy baholab, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakiliga (Ombudsmanga) xalqaro tadbirda inson huquqlarini taʼminlashning barcha yo‘nalishlari, jumladan yoshlar, nogironligi bo‘lgan shaxslar va penitensiar muassasalarda saqlanayotganlar huquqlarining qamrab olingani uchun minnatdorlik bildirdi. Shuningdek, Tailandda Ombudsman instituti o‘z navbatida yoshlar huquqlarini himoya qilish faoliyatining asosiy yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilab olganini qayd etdi. Uning qayd etishicha, Tailand Ombudsman apparati majburiy taʼlim olganidan keyin o‘qishni davom ettira olmaydigan yoshlarga kasbiy ko‘nikmalar berishga qaratilgan loyihalarni ishlab chiqqan. Ushbu loyihalar doirasida treninglar tashkil etilib, unda ishtirok etgan yoshlar keyinchalik ish joylari bilan taʼminlanmoqda.
Rossiya Federatsiyasidagi Inson huquqlari bo‘yicha vakili Tatyana Moskalkova,
-Ombudsman institutining tashkil etilishi mamlakatlarda demokratiya va faol fuqarolik jamiyatini shakllantirish hamda inson huquqlarini samarali himoya qilishdagi muhim qadam sanaladi. Ombudsman demokratik davlat organi hisoblanib, fuqarolarning murojaatlari bilan ishlaydi. U hukumatga inson huquqlarini taʼminlash tizimini takomillashtirish, fuqarolarning buzilgan huquqlarini tiklash bo‘yicha to‘g‘ridan to‘g‘ri tavsiya berishi va qayerda qanday kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgani va ularni bartaraf etish yo‘llarini ko‘rsatishi mumkin. Tegishli davlat organlari uning tavsiyalarini eshitishi va ularni inobatga olishi kerak. Albatta, O‘zbekiston Prezidentining Inson huquqlari bo‘yicha vakil mavqei va faoliyati samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘llab-quvvatlashlari juda ahamiyatlidir.
Turkiya Bosh Ombudsmani Sheref Malkoch Ombudsman institutining 27 yilligi bilan tabriklab, kelgusidagi ishlariga ulkan muvaffaqiyatlar tiladi. U ishtirokchilar eʼtiborini imkoniyati cheklangan shaxslar huquqlarining himoya qilinishining dolzarb jixatlariga qaratdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, nogironligi bo‘lgan shaxslardan kelib tushgan barcha murojaatlar imkoniyati cheklangan shaxslar huquqlarini himoya qilish bilan shug‘ullanadigan Ombudsman tomonidan alohida nazoratga olinadi.
Vengriya Respublikasining asosiy huquqlari bo‘yicha komissari (Ombudsman) Akos Kozma, uning apparati nogironlar uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish jarayonida, shu jumladan, jamoat transportidan foydalanish va maʼmuriy muassasalarga kirish bilan bog‘liq qulay shart-sharoitlarni taʼminlashda faol ishtirok etmoqda. U Vengriya Ombudsman apparatining imkoniyatlari cheklangan shaxslar huquqlarini himoya qilish borasidagi tajribasini bo‘lishishga tayyorligini bildirdi.
Shuningdek, tadbirda so‘zga chiqqan Ozarbayjon Respublikasining Inson huquqlari bo‘yicha vakili Sabina Aliyeva nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlarining himoyasiga eʼtiborni kuchaytirganiga to‘xtaldi. Uning so‘zlariga ko‘ra Ozarbayjonda 2018 yilda imkoniyati cheklangan shaxslar huquqlarini taʼminlash bo‘yicha yangi qonun qabul qilingan va unda unda qadr-qimmatni kamsituvchi atamalar boshqa terminlar bilan almashtirilgan. Shuningdek, Ozarbayjon Ombudsmanining apparatida imkoniyati cheklangan shaxslarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha tarkibiy bo‘linma faoliyat ko‘rsatayotganiga ishtirokchilar eʼtiborini tortdi.
“Imkoniyatlarga cheklangan fuqarolar hali ham muayyan muammolarga duch kelmoqda” - dedi Serbiya Respublikasidagi fuqarolar himoyachisi Zoran Pasalich. U bu borada davlat boshqaruvining vakolatli organlari bilan hamkorlikka, ayniqsa, favqulodda vaziyatlarda jalb qilish bo‘yicha faol ish olib borayotganini qayd etdi. Shuningdek, qonunchilik va normativ hujjatlarga aholining zaif qatlamlarining huquqlarini taʼminlovchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilishi bo‘yicha takliflar berish ustida ham faol ishlayotganini aytib o‘tdi.
Jazoni ijro etish muassasalarida saqlanayotgan shaxslarning huquqlarini himoya qilish va rag‘batlantirish muhokamasiga bag‘ishlangan uchinchi va yakuniy sessiyada Markaziy Osiyo mamlakatlarida inson huquqlari bo‘yicha vakillarning maʼruzalari tinglandi.
Tojikiston Respublikasining Inson huquqlari bo‘yicha vakili Umed Bobozoda, Turkmaniston Respublikasining Inson huquqlari bo‘yicha vakili Yazdursun Gurbannazarova, Qirg‘iziston Respublikasining Inson huquqlari bo‘yicha vakili o‘rinbosari Albert Kolopov o‘z maʼruzalarida mahbuslarning huquqlarini himoya qilish sohasidagi faoliyatlarining o‘ziga xos jixatlariga to‘xtalib, harakatlanish erkinligi cheklangan muassasalariga monitoring o‘tkazish tartibi, statistik maʼlumotlarni taqdim etishdi. Shuningdek, penitensiar muassasalardagi shaxslarning huquqlarini himoya qilishning qonunchilik asoslari va ularning tibbiy xizmatlardan foydalanish huquqlari haqida maʼlumot berishdi.
Xalqaro konferensiya yakunlariga ko‘ra, mahalliy va xalqaro ekspertlar tomonidan Ombudsman faoliyatini tartibga soluvchi qonun loyihasini xalqaro huquqning inson huquqlari sohasidagi umumeʼtirof etilgan prinsiplari va normalariga muvofiqlashtirishga va ularni muvaffaqiyatli amalga oshirishga qaratilgan taklif va tavsiyalar bildirildi.
Xalqaro konferensiya yakunlariga ko‘ra, muhokama qilingan masalalar yuzasidan tavsiyalar ishlab chiqildi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Matbuot xizmati