Ombudsman Devoni tizimi bo‘yicha gender ko‘rsatkichi
Jami xodimlar: ayollar – 24%, erkaklar – 76%.
Rahbariyat tarkibida: ayollar – 50%, erkaklar – 50%.
Ombudsmanning Mintaqaviy vakillari orasida: ayollar –14%, erkaklar – 86%
Mintaqaviy vakillar kesimida ayollar ulushi hozircha kamroq bo‘lsa-da, bu holat asosan tashkiliy tuzilma bilan bog‘liq. Chunki har bir hududda faqat bir nafar mintaqaviy vakil faoliyat yuritadi va ularni tayinlashda ish tajribasi, salohiyat va inson huquqlari sohasidagi amaliy ko‘nikmalar ustuvor mezon sifatida belgilanadi.
Shu bilan birga, kelgusida ayol kadrlar sonini oshirish va ularning hududiy vakolatlarda faol ishtirokini taʼminlash bo‘yicha choralar belgilangan.
Ombudsman huzuridagi komissiya tarkibida: jami 35 nafar aʼzo, shundan ayollar – 30%, erkaklar –70%
Bu ko‘rsatkichlar Ombudsman institutida gender tengligi tizimli ravishda taʼminlanayotganini va rahbarlik darajasida ayollar faol ishtirok etishini ko‘rsatadi.
Gender siyosati uchun masʼul rahbar
Ayollar va erkaklar uchun teng huquq va imkoniyatlarni taʼminlash vazifasi Ombudsman o‘rinbosari zimmasiga yuklatilgan bo‘lib, u mazkur yo‘nalishdagi davlat siyosatini amalga oshirish uchun masʼul hisoblanadi.
Malaka oshirish va gender teng imkoniyatlar
Ombudsman Devonida barcha xodimlar uchun malaka oshirish kurslari va seminarlarda ishtirok etish imkoniyatlari teng asosda taʼminlangan.Barcha xodimlar malaka oshirish kurslarida ishtirok etishi shart bo‘lib, chet davlatlarda o‘tkaziladigan o‘quvlar va stajirovkalarda ham gender tenglik tamoyillariga qatʼiy rioya etiladi.
Jumladan:
· 2024 yil 21–23 oktyabr kunlari — “Tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan ayollar hamda bolalarga qaratilgan jinoyatlarni tasniflash va ular bilan samarali muloqot qilish” mavzusida xalqaro seminar-trening;
· 2025 yil 11 avgust kuni — “Ijtimoiy tarmoqlarda ayollar va bolalarga nisbatan zo‘ravonlikka qarshi kurashish mexanizmlari” mavzusidagi seminar o‘tkazilgan.
Ayol mahkumlar uchun yaratilgan sharoitlar
Ombudsman boshchiligida harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan muassasalarda ayollar huquqlarini taʼminlashga qaratilgan tavsiyalar amalga oshirildi.
Xususan, Ombudsman tavsiyasiga ko‘ra, 23-son mahkumlar uchun ixtisoslashgan kasalxona negizida 50 o‘rinli ayollar bo‘linmasi ochildi. Bu ayol mahkumlarning tibbiy xizmatlardan teng foydalanish huquqini taʼminlashga xizmat qilmoqda.
“Tenglik va hurmat” loyihasi
Gender tengligini taʼminlash va xotin-qizlar huquqlarini himoya qilishga qaratilgan “Tenglik va hurmat” loyihasi amalga oshirilib, uning doirasida davlat idoralari va fuqarolik jamiyati vakillari uchun muntazam seminar-treninglar o‘tkazib kelinmoqda.
Xotin-qizlar huquqiy xabardorligini oshirish
Xotin-qizlar o‘rtasida huquqiy bilimlarni oshirish maqsadida 10 dan ortiq videoroliklar tayyorlanib, ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqatildi. Shuningdek, respublika bo‘ylab o‘tkazilayotgan “Ombudsman maktabi” tadbirlarida ham xotin-qizlar huquqlari va gender tenglik masalalari bo‘yicha huquqiy tushuntirish ishlari tizimli ravishda olib borilmoqda.
Murojaatlarni qabul qilishda teng imkoniyatlar
Ombudsman instituti faoliyatida murojaatlarni qabul qilish, ko‘rib chiqish va nazoratga olish jarayonlarida barcha shaxslar uchun teng imkoniyatlar yaratilgan.
Murojaatlar irqi, jinsi, millatidan qatʼiy nazar qabul qilinib, barcha fuqarolarga bir xil huquqiy yondashuv taʼminlanadi.
Murojaatlar bo‘yicha gender tahlil
2024 yilda Ombudsman nomiga O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, xorijiy davlatlar fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslardan jami 23 422 ta murojaat kelib tushgan.
Shulardan:
· Xotin-qizlar tomonidan – 9 362 ta (45,4%),
· Erkaklar tomonidan – 11 249 ta (54,6%) murojaat qilingan.






