Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A
14 Mar 2019

2019-yilning 14-mart kuni Toshkent shahrida “O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo'yicha vakili (ombudsman) salohiyatini baholash to'g'risida”gi yakuniy hisobotning taqdimoti bo'lib o'tdi. Taqdimot Ombudsman tomonidan BMT Taraqqiyot Dasturi, BMTning Markaziy Osiyodagi Inson huquqlari bo'yicha Oliy komissari boshqarmasi, Inson huquqlari bo'yicha milliy institutlarning Osiyo-Tinch okeani forumi hamda “Harakatlar Strategiyasi” Markazi bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Tadbirda O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari va Senati a'zolari, davlat va jamoat tashkilotlari, BMT, BMT Inson huquqlari bo'yicha Oliy komissari, YXHTning O'zbekistondagi Loyihalari koordinatori, qator boshqa xalqaro tashkilotlar, shuningdek, Buyuk Britaniya diplomatik vakolatxona vakillari ishtirok etdilar.

Oliy Majlis palatalari Kengashlarining 2018-yil 4-may kuni Qo'shma qarori bilan tasdiqlangan Din va e'tiqod erkinligini ta'minlash bo'yicha “yo'l xaritasi”ga muvofiq, Ombudsman tomonidan inson huquqlari bo'yicha milliy institutlar Global alyansiga a'zo bo'lish va BMTning Parij tamoyillariga muvofiq holda akkreditatsiya olish uchun choralar ko'rilmoqda.

Inson huquqlari bo'yicha milliy institutlarning salohiyatini mustaqil xalqaro ekspertlar tomonidan baholash Akkreditatsiya jarayonining ajralmas qismi hisoblanadi. Bu Global alyans tomonidan muayyan Inson huquqlari bo'yicha milliy institutlar holatini aniqlashda obektiv va adolatli qaror qabul qilishga yordam beradi. 2018-yil 25-sentyabr – 4-oktyabr kunlari Ombudsmanning “salohiyatini baholash” maqsadida Osiyo-Tinch okeani forumi, Global alyans, BMT Inson huquqlari bo'yicha Oliy komissari boshqarmasi va BMT Taraqqiyot dasturi vakillaridan iborat mustaqil xalqaro ekspertlar guruhi O'zbekistonga tashrif buyurdi. Bunday “salohiyatni baholash” jarayoni Markaziy Osiyoda birinchi marta O'zbekistonda o'tkazildi.

Global alyans va BMT Inson huquqlari bo'yicha Oliy komissari boshqarmasi metodologiyasiga ko'ra, tadqiqot davomida Ombudsman Kotibiyatining xodimlari va Mintaqaviy vakillari, shuningdek, O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar, Adliya, Xalq ta'limi, Sog'liqni saqlash vazirliklari, Bosh prokuratura, Xotin-qizlar qo'mitasi, Kasaba uyushmalari federatsiyasi va Advokatlar palatasi vakillari bilan jamoaviy hamda individual intervyu va so'rovlar o'tkazildi. Bunday so'rovlar respublikamizning barcha viloyatlari vakillari ishtirokida Toshkent, Samarqand va Buxoro shaharlarida mintaqaviy miqyosda tashkil etildi.

Umuman olganda, o'rganish davomida hamkorlik darajasini aniqlash, Ombudsman tavsiyalarini qabul qilish darajasi va inson huquqlarini himoya qilishda uning rolini mustahkamlash bo'yicha takliflarni to'plash uchun davlat va jamoat tashkilotlarining 100 dan ortiq xodimlaridan so'rov o'tkazildi. Tadqiqotlar natijalariga ko'ra, ekspertlar guruhi “Oliy Majlisning Inson huquqlari bo'yicha vakilining salohiyatini baholash to'g'risida”gi yakuniy hisobotini taqdim etdi.

Ekspert guruhi hisobotining tahliliga muvofiq quyidagi asosiy jihatlarni qayd etish mumkin:

Birinchidan, O'zbekistonda demokratik jarayonlar jadal rivojlanishi uchun yangi siyosiy muhit shakllandi. Ekspertlar inson huquqlari tamoyillarini davlat siyosatining asosi sifatida rag'batlantirishda, qonun ustuvorligini mustahkamlashda, sud tizimi va parlament nazoratini kuchaytirishda O'zbekiston Respublikasi Prezidenti SH.M.Mirziyoyevning alohida o'rni borligini e'tirof etishdi. Shuningdek, ular tomonidan O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Xalq qabulxonalarining aholi uchun ijtimoiy-iqtisodiy masalalarni hal qilishdagi o'rni hamda mahkumlarni afv etish bilan bog'liq qarorlarning samaradorligi alohida ta'kidlangan.

Ikkinchidan, Ekspertlar Oliy Majlisning Inson huquqlari bo'yicha vakili (ombudsman) institutining rivojlanishini qulay siyosiy muhitning ta'siri bilan bog'lashgan. Xususan:

- Ombudsman faoliyati BMTning Parij va Belgrad tamoyillariga mos bo'lgan mustahkam huquqiy asosga ega. 2017-yilda qabul qilingan Ombudsman faoliyatiga oid qonun inson huquqlarini samarali himoya qilish uchun keng va ishonchli vakolatlarni taqdim etdi, shuningdek, Vakilning qonun ijodkorligi jarayonidagi samarali ishtirokini ta'minlaydi;

- parlament, hukumat va fuqarolik jamiyati bilan samarali hamkorlik. Ekspertlar parlament bilan hamkorlikni maxsus ma'ruzalar va davlat organlari mansabdor shaxslarining axborotlarini eshitishda, hukumat bilan – idoralararo komissiyalar doirasida, fuqarolik jamiyati bilan –“Hududlarning jadal ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini ta'minlashga doir ustuvor chora-tadbirlar to'g'risida”gi O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 08.08.2017-yildagi Qaroriga muvofiq aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini himoya qilishdagi hamkorligi e'tirof etilgan.

- Vakilning jazoni ijro etish muassasalariga, qamoqda saqlash joylariga va maxsus qabulxonalarga moneliksiz kirish huquqidan faol foydalanish. Ekspertlar ushbu sohadagi qonunchilik va amaliyotni mustahkamlash maqsadida parlament bilan hamkorlikda “Qiynoq va boshqa shavqatsiz, g'ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala va jazo turlarini oldini olish bo'yicha nazorat-tahliliy tadbirlarni tashkil etish va o'tkazishga oid” Jadval ijrosining dolzarbligini, Ombudsmanning jinoyat ishlari bo'yicha sud majlislarida ishtirok etishi amaliyotining ahamiyatini e'tirof etishdi. Monitoring guruhlariga jamoatchilik tashkilotlari vakillarining jalb etilishi, jumladan, “Human Rights Watch” xalqaro nodavlat tashkiloti va BMT Bolalar jamg'armasi (UNICEF)ning ishtiroki ijobiy baholandi.

Uchinchidan. Ekspertlar tomonidan inson huquqlarini ta'minlash tizimi va Ombudsman institutini mustahkamlash bo'yicha, shu jumladan, mintaqaviy vakillar faoliyatini moliyalashtirish, monitoringlarni xalqaro standartlarga muvofiq tashkil etish, ularni uslubiy ta'minlash hamda murojaatlarni tahlil va umumlashtirish uchun dasturiy mahsulotlar ishlab chiqish yuzasidan bir qator taklif va tavsiyalar bildirildi.

 

Manba: ko'rsatilmagan
Ko'rishlar: 136
Created with Snap
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech