Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A
14 Aug 2019

Har yili butun dunyo bo’ylab minglab erkaklar, ayollar va bolalar odam savdosining qurboni bo’lishadi. Turli internet nashrlari, ijtimoiy tarmoqlarda jinoyatchilar tarqatadigan soxta va yolg’on ma’lumotlarga ishonib, ular qulga aylanishadi. Eng achinarlisi, har yili shu tarzda minglab insonlarning huquq va erkinliklari buzilmoqda.

BMT ma’lumotlariga ko’ra, dunyoda bugungi kunda 20 milliondan ortiq odam savdosi qurbonlari mavjud. Har yili to’rt milliondan ortiq kishilar o’z xohishiga qarshi ushlab turiladi va jismonan ekspluatatsiya qilinadi. Garchi jinsiy ekspluatatsiya odam savdosining nisbatan keng tarqalgan shakli bo’lsa-da, yuz minglab qurbonlar majburiy mehnat, uy sharoitida xizmat, bolalar esa tilanchilik qilish maqsadida yoki tana a’zolari uchun bu jinoyat qurboniga aylanadilar.

Noqonuniy faoliyatning mazkur turi butun dunyo miqyosida eng daromadli biznesga aylangan. Xalqaro ekspertlarning fikriga ko’ra, “tirik odamlar” bilan savdolashayotgan noqonuniy “savdogarlar”ning yillik daromadi qariyb 150 milliard dollarni tashkil etadi.

Odam savdosi muammosi – transchegarviy jinoyat, u milliy chegaralarni tan olmaydi. Shuning uchun unga qarshi kurashishda xalqaro miqyosda axborot almashish va o’zaro hamkorlikni kuchaytirish talab etiladi.

Bugun O’zbekiston hukumati odam savdosi, majburiy mehnat va bolalar mehnatiga qarshi kurashish uchun faol choralar ko’rmoqda. Respublikamiz BMTning “Transmilliy uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash to’grisida”gi konvensiyasi, “Odam savdosi, ayniqsa, ayollar va bolalar savdosining oldini olish hamda unga chek qo’yish va uning uchun jazolash haqida”gi Protokoli va boshqa xalqaro hujjatlar ishtirokchisiga aylandi. Ko’plab xalqaro hujjatlarda nazarda tutilgan normalar milliy qonunchiligimizga implementatsiya etilgan.

Xorijiy davlatlar bilan uyushgan jinoyatchilik, shu jumladan, odam savdosiga qarshi kurashish bo’yicha o’ttizdan ortiq ikki tomonlama shartnoma va bitimlar imzolangan. 2008 yilda esa “Odam savdosiga qarshi kurashish to’grisida”gi Qonun qabul qilindi.

Ammo bu xotirjam bo’lishimiz uchun etarli emas. Shu bois O’zbekistonda odam savdosi, xususan, uning transmilliy ko’rinishlariga qarshi qat’iy choralar qabul qilinmoqda. “Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirishga oid qo’shimcha chora-tadbirlar to’g’risida”gi Prezident Farmoni bu boradagi muhim qadam bo’ldi. Unga ko’ra, Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish bo’yicha milliy komissiya tuzildi. Farmonda uning asosiy funksiyalari va vazifalari ko’rsatib o’tilgan.

Chunonchi, Milliy komissiyaning asosiy vazifasi davlat tashkilotlari, hududiy organlar, fuqarolarning o’zini o’zi boshqarish organlari va nodavlat notijorat tuzilmalarning odam savdosi va majburiy mehnatga qarshi kurashish sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtirishdan iborat.

O’tgan xaftada Milliy komissiyaning birinchi yig’ilishi bo’lib o’tdi. Unda komissiya faoliyatiga oid bir necha tashkiliy masalalar muhokama qilindi. 2019-2020 yillarda odam savdosi va majburiy mehnatga qarshi kurashish sohasida davlat organlari faoliyati samaradorligini oshirish bo’yicha ish rejalari va “yo’l xaritalari”, tegishli normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish hamda komissiyaga taqdim etish bilan bog’liq tadbirlar belgilab olindi.

Yaqinda “Ijtimoiy fikr” respublika jamoatchilik fikrini o’rganish markazi tomonidan o’tkazilgan tadqiqot natijalari shuni ko’rsatadiki, mehnat muhojirlari ko’pincha sodda va o’z huquqlarini to’liq amalga oshira olmaydi. Aksariyat hollarda fuqarolarimiz chet davlatda o’z xavfsizligini qanday ta’minlash haqida o’ylamaydi va noqonuniy yoki shartnomasiz ish topib, chet elda duch keladigan qiyinchiliklar haqida, odatda, hech narsa bilmaydi. Shu munosabat bilan odam savdosiga qarshi kurashish doirasida olib borilayotgan axborot ishlari aholi, ayniqsa, ayollar va yoshlarning huquqiy savodxonligini oshirishda alohida ahamiyatga ega. Milliy komissiya davlatning har bir fuqarosiga, hatto eng chekka qishloqlarda yashovchilarga ham noqonuniy migratsiya havfi, zamonaviy qullikning mohiyatini tushuntirish, ularni yurtimizda yaratilgan shart-sharoitlardan boxabar qilish, ishga joylashish imkoniyatlari to’g’risida ma’lumot etkazish ma’suliyatini zimmasiga olmoqda. Bu jarayonda nodavlat notijorat tashkilotlari davlat idoralari bilan yaqin hamkorlikda odam savdosi qurbonlarini ijtimoiy reabilitatsiya qilish, chet elda ishlashni istaganlar uchun ekspertlarning maslahatlarini tashkil etish, ishsizlarni kasbga yo’naltirish, bandligini ta’minlashda faol qatnashmoqda.

Milliy komissiya tegishli vazirliklar, idoralar, fuqarolik jamiyati institutlari vakillari hamda Oliy Majlisning Inson huquqlari bo’yicha vakili (ombudsman) bilan hamkorlik qiladi. Bu Vakil zimmasiga odam savdosi qurboniga aylangan va majburiy mehnatga jalb qilingan shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini samarali ta’minlash vazifasini yuklaydi. Bu jarayonda fuqarolarning murojaatlari bilan ishlash, ularga o’z vaqtida javob berish va zarur choralarni ko’rish bilan bog’liq faoliyatni yanada kuchaytirish muhimdir.

 

Ulug’bek Muhammadiyev,

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo’yicha vakili

(ombudsman)

Manba: ko'rsatilmagan
Ko'rishlar: 15
Created with Snap
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech