Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A
24 Jun 2019
Bugun dunyo hamjamiyati Markaziy Osiyoda O'zbekistonning yangi tashqi siyosati tufayli kechayotgan jadal integratsiya jarayonlarini kuzatib bormoqda. Mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoev  barcha sohalarda ko'p tomonlama mintaqaviy hamkorlikni kengaytirishni, Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan yaqin qo'shnichilik munosabatlarini mustahkamlashni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqdi.Davlatimiz rahbari qisqa vaqt ichida qo'shni davlatlar yetakchilari ishtirokida 30 dan ziyod uchrashuv o'tkazdi. Ushbu aloqalar tufayli Markaziy Osiyoda hamkorlik qilishga umumiy intilish paydo bo'ldi, mutlaqo yangicha siyosiy muhit yaratildi, o'zaro ishonchga va yaqin qo'shnichilikka asoslangan munosabatlar mustahkamlanmoqda. Markaziy Osiyo mintaqasi davlatlari o'rtasida siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport-kommunikatsiya, suv-energetika, ekologiya, madaniy-gumanitar sohalarda hamkorlik kengayib bormoqda. Hukumatlar, vazirliklar, idoralar va hududlar darajasida o'zaro aloqa va munosabatlar faollashdi. Mintaqaviy eng dolzarb masalalar muntazam ravishda hal etilmoqda.
Fuqarolar huquqlari va erkinliklarini ta'minlash sohasidagi mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash maqsadida O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo'yicha vakili (ombudsman) BMTning Inson huquqlari bo'yicha Oliy komissari Boshqarmasi, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot dasturi va Inson huquqlari bo'yicha milliy institutlar global alyansi ko'magida joriy yilning 24-25 iyun` kunlari Toshkent shahrida Markaziy Osiyo mamlakatlarining inson huquqlarini himoya qilish bo'yicha milliy muassasalari mintaqaviy maslahatlashuvlarini tashkil etdi. 
Tadbirda Qozog'iston, Qirg'iziston, Tojikiston va Turkmanistondan inson huquqlari bo'yicha vakillar hamda xalqaro ekspertlar ishtirok etmoqda.Ushbu uchrashuv Markaziy Osiyo mamlakatlari ombudsmanlarining va xalqaro tashkilotlarning inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilish hamda rivojlantirishdagi o'zaro hamkorligini yanada mustahkamlashga qaratilgan. Avvalroq shunday anjumanlar Istanbul va Almatada bo'lib o'tgan edi. Bu galgi tadbirning o'ziga xosligi shundaki, ishtirokchilar bunday muhim missiyaga yangicha mazmun baxsh etishga, eng asosiysi hamkorlik uchun aniq qadamlar ishlab chiqishga intilmoqda.
Tadbirda so'zga chiqqan delegatsiyalar rahbarlari o'z mamlakatlaridagi inson huquqlarini himoya qiluvchi muassasalarning tashkiliy-huquqiy rivojlanishi borasidagi tajribalari bilan 
o'rtoqlashdi.Ishtirokchilar O'zbekistonda ijtimoiy-siyosiy va sotsial-iqtisodiy islohotlar faol kechayotganligini, ayniqsa inson huquqlari sohasida yuksak xalqaro standartlarni hayotga tatbiq etish bo'yicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilayotganligini ta'kidlashdi. Mamlakatimizda inson huquqlariga qay darajada rioya etilayotganini monitoring qilishning ta'sirchan mexanizmlari ishlab chiqildi va tegishli xalqaro tuzilmalar bilan hamkorlikni rivojlantirish bo'yicha izchil choralar ko'rildi.
Qonun hujjatlariga yaqinda kiritilgan o'zgartishlar bilan ombudsmanga qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g'ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo'llashning oldini olish bo'yicha choralar ko'rish huquqi berildi, Milliy preventiv mexanizm joriy etilib, qamoqda saqlash joylarini muntazam ravishda kuzatib borish mexanizmi yaratildi. Shuningdek, bola huquqlari bo'yicha vakil (ombudsman) institutining joriy etilishi inson huquqlari va erkinliklarini ta'minlashda muhim qadam bo'ldi. BMTning Bola huquqlari  to'g'risidagi konvensiyasiga muvofiq va O'zbekiston Prezidentining “Bola huquqlari kafolatlarini yanada kuchaytirishga oid qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi qarori bilan bolalar huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishning, barkamol avlodni tarbiyalashning institutsional va huquqiy asoslarini tubdan takomillashtirish bo'yicha muhim vazifalar belgilab olindi.
Tadbir ishtirokchilari Markaziy Osiyo mamlakatlari ombudsmanlari va inson huquqlari sohasidagi xalqaro institutlar hamkorligini mustahkamlashga qaratilgan “Yo'l xaritasi”ni qabul qilishdi. Bu mintaqa mamlakatlari inson huquqlarini himoya qilishda tashkiliy-huquqiy tajriba almashish uchun platformalar yaratishni, shu jumladan, xalqaro forumlar doirasida tadbirlar o'tkazishni, bosma va internet-resurslar yaratishni o'z ichiga oladi. Shu jumladan, fuqarolarning murojaatlarini ko'rib chiqish, mehnat migrantlari va voyaga yetmaganlarning huquqlarini himoya qilish, huquqiy madaniyatni oshirish, qiynoqlarning oldini olish va BMT 
organlarining tavsiyalarini bajarish bo'yicha ishlarni tashkil etishda hamkorlikni mustahkamlash rejalashtirilgan.Ishtirokchilar “Yo'l xaritasi”ning qabul qilinishi hamkorlikning dolzarb yo'nalishlari bo'yicha  mintaqa inson huquqlarini himoya qiluvchi institutlarining to'liq hamkorligini ta'minlashga ko'maklashishiga ishonch bildirdilar.
Yig'ilish ishtirokchilarining nutqlari va bahs-munozaralari kun tartibidagi ko'plab masalalar, shu jumladan aholining huquqiy madaniyatini yuksaltirishga e'tiborni kuchaytirish, fuqarolarning, ayniqsa, yoshlarning ijtimoiy-siyosiy, sotsial-iqtisodiy hayotda faol ishtirokini ta'minlash kabi  masalalar bo'yicha qarashlarning o'xshashligini ko'rsatdi. 
Shuningdek, Markaziy Osiyo mamlakatlari ombudsmanlari o'rtasida hamkorlikni rivojlantirishning ustuvor yo'nalishlari muhokama etildi. Mintaqaviy maslahatlashuvlarning ikkinchi kuni ishtirokchilar BMT barqaror rivojlanish maqsadlarini bajarishning borishini muhokama qilish va milliy darajada ularning ijrosini monitoring qilish yuzasidan tajriba almashish masalalarini muhokama qilishadi.

Manba: ko'rsatilmagan
Ko'rishlar: 413
Created with Snap
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech