Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Markaziy Osiyodagi inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar vakillari jamlangan mintaqaviy platformada qanday masalalar muhokama qilindi?
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) va Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz vakillaridan iborat O‘zbekiston delegatsiyasi aʼzolari 2022 yilning 21 noyabr kuni Turkiyaning Istanbul shahrida ish boshlagan Markaziy Osiyodagi inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlarning mintaqaviy muloqotda ishtirok etmoqda.

Markaziy Osiyodagi milliy inson huquqlarini himoya qilish institutlarini qo‘llab-quvvatlash tashabbusi – bu Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekistondagi inson huquqlarini himoya qilish institutlarining mintaqaviy muloqot platformasi bo‘lib, u 2016 yil noyabr oyida BMT Taraqqiyot Dasturining Istanbul mintaqaviy markazi va BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasi Markaziy Osiyo uchun mintaqaviy bo‘linmasi ko‘magida tashkil etilgan.

Uning maqsadi mintaqadagi inson huquqlarini himoya qilish institutlarini samarali, mustaqil va hamkorlikda ishlashi, ilg‘or amaliyotlar bilan tanishishi va o‘zaro tajriba almashishdan iborat. Shuningdek, ushbu platforma BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirishga hissa qo‘shadi.

Seminar shaklida o‘tkazilgan mintaqaviy muloqotda taʼkidlanishicha, mintaqaviy platforma inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlarning salohiyatini oshirish bilan birga mintaqadagi mavjud muammolarni milliy va xalqaro standartlar doirasida hal etishda inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlarning o‘rnini oshirishga xizmat qiladi.

Tadbirda ishtirok etgan O‘zbekiston delegatsiyasi rahbari, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Feruza Eshmatova mamlakatimizda amalga oshirilayotgan inson qadriga asoslangan islohotlarda Ombudsmanning ishtiroki haqida to‘xtalar ekan, u jamiyatda ko‘tarilayotgan inson huquqlariga oid masalalarga o‘z munosabatlarini berib borayotgani va mavjud muammolarni tizimli hal etish maqsadida tegishli organlarga o‘z takliflarini berib borayotganiga urg‘u berdi. Qolaversa, Yangi O‘zbekistonning Yangi Konstitutsiyasini ishlab chiqish borasidagi islohotlar natijasida Ombudsman institutiga qonunchilik tashabbusi huquqining berilayotganini qayd etdi.

Sessiyalarga bo‘lingan holda o‘tkazilgan tadbirda Ombudsmanlarning Milliy inson huquqlarini himoya qilish muassasalarining Global alyansi tomonidan akkreditatsiyadan o‘tkazish, Parij tamoyillarini amaliyotga tatbiq etish, inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlarning BMTning huquqni himoya qilish mexanizmlaridagi ishtiroki, muqobil hisobot kiritishdagi ilg‘or amaliyotlar, ziddiyatli masalalarda Ombudsmanlarning o‘rni, biznes va inson huquqlari kabi dolzarb mavzularda muhokamalar o‘tkazildi.

Markaziy Osiyodagi inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar uchun tashkil etilgan mintaqaviy seminar o‘z ishini 22 noyabrga qadar davom ettiradi.

Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati