Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Navoiyda “Ombudsman maktabi” loyihasi doirasida tadbir o‘tkazildi
Davlat rahbarining 2021 yil 10 sentyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” farmonida Ombudsmanning asosiy faoliyat yo‘nalishlaridan biri sifatida aholi orasida inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini taʼminlash hamda himoya qilish sohasidagi xalqaro va milliy qonunchilik normalarini targ‘ib qilish, shuningdek, aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini oshirishga ko‘maklashish vazifasi belgilangan.

Farmon ijrosini taʼminlash maqsadida Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) tomonidan aholining huquqiy xabardorligini oshirishga qaratilgan “Ombudsman maktabi” loyihasi amalga oshirilmoqda.

2022 yilning 13 oktyabr kuni “Ombudsman maktabi” loyihasining navbatdagi tadbiri Navoiy viloyati, G‘ozg‘on shahrida o‘tkazildi.

Mazkur uchrashuvdan ko‘zlangan maqsad mamlakatimizda ijtimoiy sohada olib borilayotgan tub islohotlar, xususan tadbirkorlikni, hunarmandchilikni rivojlantirish yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, imtiyozli kreditlar, subsidiyalar ajratilishi amaliyoti, aholiga yaratilayotgan sharoitlar, imkoniyatlar va imtiyozlar to‘g‘risida fuqarolarning xabardorligini oshirishdan iborat.

“Ombudsman maktabi” tadbirida viloyat Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi boshlig‘i Sh.Nabiyev,O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Navoiy viloyati Xalq qabulxonasi raxbarining birinchi o‘rinbosari L.Abdullayev, G‘ozg‘on shahri prokurori B.Isoqov, Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi viloyat boshqarmasi boshlig‘i L.Xayrullayev, Byudjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi viloyat boshqarmasi boshlig‘i v.b. A.Mardonqulovlar tomonidan yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarning mazmun va mohiyati, aholiga yaratilgan imkoniyatlar, imtiyozlar to‘g‘risida batafsil maʼlumotlar berib o‘tildi.

Aholi, xususan, yoshlar, ayollar, keksa va nuroniylar uchun tashkil etilgan uchrashuvda viloyat tashkilotlari rahbarlari o‘z maʼruzalarini sodda va xalqchil tilda tushuntirib berishdi.

Ombudsmanning Navoiy viloyatidagi mintaqaviy vakili Sh.Djurayev, mintaqaviy vakil faoliyatining huquqiy asoslari, vakolat va vazifalariga to‘xtaldi.

Tadbirda so‘zga chiqqan G‘ozg‘on shahri xokimi A.Bozorov “Ombudsman maktabi” loyihasining mahallalar kesimida tashkil etilishi axborot texnologiyalarining passiv foydalanuvchilarini yangidan yangi imkoniyat va imtiyozlardan xabardorligini oshirishda muhim ahamiyatga ega ekanini taʼkidladi.

Savol-javoblarga boy tarzda o‘tgan tadbir davomida fuqarolar shu kabi uchrashuvlarni o‘zlari yashayotgan mahallalarda o‘tkazishlari bo‘yicha taklif bildirishdi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati