Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Ombudsman taqdimnomasiga ko‘ra kasb kasalligiga uchragan fuqaroga 191 mln so‘mdan ortiq sug‘urta tovoni to‘lab berilmoqda
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakiliga (ombudsmanga) fuqaro B.I. sug‘urta shartnomasi bo‘la turib, sug‘urta tovoni to‘lab berilmayotganidan norozi bo‘lib murojaat qildi.

Arizada ko‘rsatilishicha u tog‘-kon metallurgiya sohasida 6 yil 10 oy davomida ishlab kelgan. Sog‘lig‘ining yomonlashgani, yo‘tal, ko‘krak qafasi, bo‘yin va beldagi kuchli og‘riqlar hamda kuchli zaiflik sababli Sog‘liqni saqlash vazirligi Sanitariya, gigiyena va kasb kasalliklari ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan tibbiy tekshiruvdan o‘tkaziladi. Unga institut tomonidan 2022 yil 6 yanvar kuni Silikoz — bronx-o‘pka apparatining kasbiy kasalligi tashxisi qo‘yiladi.

Mazkur murojaat Ombudsman nazoratiga olinib o‘rganilishi davomida 2021 yilning 23 iyun kuni murojaatchi faoliyat yuritgan korxona va sug‘urta kompaniyasi o‘rtasida “Ish beruvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish” shartnomasi tuzilgani aniqlandi.

Murojaatchi kasb kasalligini orttirib olgani fakti bo‘lsa ham uning murojaati sug‘urta kompaniyasi xodimlari tomonidan eʼtiborsiz qoldirilgan.

Shundan so‘ng, Ombudsman tomonidan sug‘urta kompaniyasiga fuqaro B.I. sug‘urta shartnomasining yuridik kuchga ega bo‘lgan davrida kasb kasalligini orttirib olganiga yetarli asoslar borligi va shu nuqtai nazardan shartnoma majburiyatlarining bajarilishi bo‘yicha taqdimnoma kiritildi.

Taqdimnoma natijalariga ko‘ra fuqaro B.I. kasb kasalligini orttirib olgani sug‘urta hodisasi deb hisoblanib unga jami 191 mln so‘mdan ortiq sug‘urta tovoni to‘lanishi belgilandi.

Hozirda murojaatchiga 118 mln so‘mga yaqin sug‘urta tovoni to‘lab berildi. Sug‘urta tovonining qolgan 73 mln so‘mdan ortiq qismi oyma-oy to‘lanishi maʼlum qilingan.  

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) Axborot xizmati