Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
“Farg‘onadagi “Jasliq” nomi ostida eʼlon qilingan xabarga Ombudsmanning yakuniy munosabati
Avval ijtimoiy tarmoqlarda “Farg‘onadagi “Jasliq” nomi ostida 2022 yil 29 may kuni tarqatilgan video xabar Ombudsman nazoratiga olingani haqida xabar bergan edik. Unda M.Qamchiyeva farzandi S.Qamchiyevga nisbatan qiynoq holatlari qo‘llanilayotganini bayon etgan.

Ushbu holat 30 may kuni Ombudsmanning Farg‘ona viloyatidagi mintaqaviy vakili A.Kamilov tomonidan joyiga chiqib o‘rganilgan. Mintaqaviy vakil Farg‘ona shahridagi 10-sonli Tergov hibsxonasiga borib, S.Qamchiyev bilan holi tarzda uchrashgan. O‘sha paytda holat yuzasidan M.Qamchiyevaning arizasiga asosan Farg‘ona shahar prokuraturasi tomonidan tergovga kadar tekshiruvi jarayonlari olib borilayotgani sababli, u tugallanganidan keyin Ombudsmanning rasmiy munosabati berilishi maʼlum qilingan edi.

Ushbu holat bo‘yicha o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruv yakunlariga ko‘ra, 2022 yil 4 iyun kuni JPKning 83-moddasi 2-bandiga asosan jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad qilish haqida qaror qabul qilingan.

Shundan so‘ng, M.Qamchiyeva joriy yilning 14 iyun kuni Ombudsman nomiga Farg‘ona shahridagi 10-sonli Tergov hibsxonasida saqlanayotgan o‘g‘li S.Qamchiyev joriy yilning 24 may kuni hibsxona xodimlari tomonidan qiynoqqa solinganligi bo‘yicha murojaat qildi.

Ombudsmanning nazorat xatiga asosan Farg‘ona viloyati prokuraturasi tomonidan to‘plangan hujjatlar o‘rganilib, qo‘shimcha tergovga qadar tekshiruv o‘tkazildi. Murojaatda ko‘rsatilgan barcha shaxslar bilan suhbatlashilganda maʼlum bo‘lishicha, 2022 yil 24 may kuni kuni S.Qamchiyev va murojaatda ko‘rsatilgan shaxslar saqlanayotgan kameraga hibsxona xodimlari ertalabki tekshiruvga kirishgan. Yotoq joylari tartibga keltirilmaganligi va tozalikka rioya qilinmaganligi sababli xodimlar ularni kameradan tashqariga o‘tish yo‘lagiga saflab, ichki-tartib qoidalarga amal qilishlari to‘g‘risida tushuntirish berishgan. Shu vaqtda S.Qamchiyev xodimlarga gap qaytarib, qo‘pol muomalada bo‘lgan. Shuning uchun xodimlar u bilan suhbatlashish uchun uni olib qolib, qolgan mahbuslarni kameraga kiritishgan. Oradan 5-10 daqiqadan so‘ng S.Qamchiyev kameraga qaytib kiritilgan. O‘sha vaqtda uni yuzida va boshqa joylarida jarohatlar bo‘lmagan. Biroz vaqt o‘tib S.Qamchiyev kamera ichidan turib hibsxona xodimlarini haqorat qilib, “Men senlarga hali ko‘rsatib qo‘yaman” - deb jazavaga tushib, boshini kamera devoriga urib, qo‘llari bilan yotoq krovatini urgan.

Yuqoridagilarga ko‘ra, hibsxona xodimlarining harakatlarida jinoyat tarkibi aniqlanmangan deb topilgan va murojaat bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad qilish haqida qaror qabul qilingan.

Qayd etish lozimki, S.Qamchiyev muqaddam Jinoyat kodeksining 169-moddasi (o‘g‘rilik) 2-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilganligi uchun sudlanib, 4 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilingan va 2021 yil 12 mayda JIB Piskent tuman sudining ajrimiga asosan ushbu jazoning o‘talmay qolgan 2 yil 9 oy 16 kuni axloq tuzatish ishlariga almashtirilgan. Biroq, bundan o‘ziga to‘g‘ri xulosa chiqarmay takroran jinoyat sodir qilgan va Jinoyat kodeksining 166-moddasi 2-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilganlikda aybli deb topilib, JIB Yozvon tuman sudining 2021 yil 28 avgustdagi ajrimiga ko‘ra, ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olingan.

U hibsxonada saqlangan davrida, xususan, 2022 yil 28 yanvar va 21 mart kunlari ham asabiylashib o‘ziga tan jarohati yetkazgan. Mazkur holatlar yuzasidan surishtiruv o‘tkazilgan va “Ogohlantirish” intizomiy jazosi eʼlon qilingan.

Maʼlum bo‘lishicha, S.Qamchiyev joriy yilning 20 aprel kunidan buyon hibsxonada saqlanish davomida 14 marotaba uzatma, posilka va banderol qabul qilgan, 8 marotaba yaqin qarindoshlari bilan uchrashgan.

O‘rganish natijalariga ko‘ra, fuqaro M.Qamchiyevaning murojaatiga asosan olib borilgan tergovga qadar tekshiruv yakunlari bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad qilish haqida qaror qabul qilingan.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati