Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Ombudsmanning Surxondaryodagi mintaqaviy vakilining tavsiyalari eʼtiborga olindimi?  Narkologiya tibbiyot markazining Surxondaryo filialiga qayta monitoring o‘tkazildi
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Inson huquqlari bo‘yicha vakilining (ombudsmanning) Surxondaryo viloyatidagi mintaqaviy vakili Abdurashid Artikov 2022 yilning 23 iyun kuni Respublika ixtisoslashtirilgan narkologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Surxondaryo filialida xizmat qilayotgan xodimlar va davolanayotgan shaxslarga yaratilgan shart-sharoitlarni o‘rgangan edi.

Respublika ixtisoslashtirilgan narkologiya ilmiy-amaliy tibbiyot  markazining Surxondaryo viloyati filiali 100 o‘ringa mo‘ljallangan ixtiyoriy davolanish bo‘limi va 100 o‘rinli hududiy majburiy davolash bo‘limidan iborat.Bundan tashqari, viloyat tumanlarida 13 ta narkologik  xonalar xizmat ko‘rsatib kelmoqda.  

Monitoringda bemorlarga tashxis qo‘yish, davolash, dispanser kuzatuvini olib borish, narkologik ekspertizani tashkil etish va uning nazoratini amalga oshirishda Davolash kengashi guruhi, uning tarkibi va rejasi ishlab chiqilganligi, haftalik muhokamalarda bo‘lim hisobotlari tahlil qilib borilayotganiga guvoh bo‘lindi.

Lekin, Ombudsmanning Surxondaryodagi mintaqaviy vakili ayrim kamchiliklarni ham aniqlagan. Jumladan, muassasada mavjud bo‘lgan vrachlar shtati o‘rganilganda,undagi 23,25 shtat birligi o‘rnida haqiqatda 11 nafar vrach ishlayotganligi, 12,25 shtat birligi esa vakant ekanligi aniqlangan edi.

O‘rganish kunida filialning ixtiyoriy davolanish statsionarlarida 104 nafar bemor davolanayotgan edi. Ixtiyoriy davolanish statsionarlarida bemorlarning o‘rtacha davolanish kuni o‘rganilganda, u 2022 yil 5 oyida 12,3 kunni tashkil etgani aniqlangan. Bu ko‘rsatkich 2021 yilda 12,8 kunni, 2020 yilda 14,7 kunni tashkil etgan. Aslida narkologik standartlar bo‘yicha bemorning sifatli davolanishi uchun u statsionarda kamida 21 dan 30 kungacha davolanishi zarur.

Viloyatda narkologik kasalliklar sonining oshishi hisobiga narkologik koykalar sonini ko‘paytirish, narkologik muassasalar shtat birliklariga “psixoterapevt”, “psixolog” shtatlarini kiritish maqsadga muvofiqligi taʼkidlandi.

Bundan tashqari, o‘rganish davomida muassasa oshxonasi bugungi kun talabiga javob bermasligi, bemorlarga autsorsing shartnomasi asosida “XanifabonuMCHJ tomonidan tayyorlanayotgan ovqatlar va idish-tovoqlarning sifati talab darajasida emasligi, menyu oshxonaning ko‘rinadigan joyiga osib qo‘yilmaganligi aniqlanib, muassasa maʼmuriyatiga tegishli tavsiyalar berilgan.

Ombudsmanning Surxondaryodagi mintaqaviy vakili Abdurashid Artikov joriy yilning 6 avgust kuni berilgan tavsiyalarning inobatga olingani holatini o‘rganish maqsadida Respublika ixtisoslashtirilgan narkologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Surxondaryo filialiga qayta monitoring o‘tkazdi.

Monitoring davomida aniqlanishicha, viloyat aholisiga  ko‘rsatilayotgan narkologik xizmatni yaxshilash maqsadida Sharg‘un hududiy majburiy davolash bo‘limi negizida 125 o‘rinli (100 o‘rinli majburiy davolash, 25 o‘rinli ixtiyoriy davolash bo‘limi)” Viloyat ixtisoslashtirilgan majburiy davolash narkologiya shifoxonasi” tashkil etilmoqda.

Aynan yangi tashkil etilayotgan shifoxonada viloyat markazidan uzoqda joylashgan tumanlardagi narkologik bemorlarni davolashni yaxshilash maqsadida qo‘shimcha 25 o‘rinli erkin davolanish statsionar bo‘limi tashkil etildi. Bu erkin davolanish statsionar bo‘limlarida davolanayotgan bemorlar o‘rtacha davolanish kunini oshirish, davolash sifatini yaxshilashni taʼminlaydi. Bu bemorlarning o‘rtacha davolanish kunlarini  (2022 yilning 6 oyida 12,2 kun) qo‘shimcha 4-5 kungacha uzaytirish imkoniyatini beradi.

Shuningdek, avvalgi monitoringdan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 16-maydagi “Aholiga narkologik yordam ko‘rsatish tizimini yana-da takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorining 7-bandi ijrosini taʼminlash maqsadida Narkologiya xizmatini yangi shtat normativlari ishlab chiqilayotgani maʼlum bo‘ldi. Unga ko‘ra, xar bir statsionar bo‘limga qo‘shimcha 1.0 stavka “Vrach-psixoterapevt”, 1.0 stavka “vrach-tibbiy psixolog” shtatlari ajratilishi mumkin.Bemorlarning ovqatlanish sharoitlari o‘rganilganda avvalgi monitoringda ko‘rsatilgan kamchilliklar bartaraf etilgani aniqlandi.

Oliy Majlisi Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati