Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Ombudsmanning Xorazmdagi mintaqaviy vakiliga javobgarlikka tortilmay kelinayotgan shaxs bo‘yicha murojaat kelib tushdi
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining inson huquqlari bo‘yicha vakilining (ombudsmanning) Xorazm viloyatidagi mintaqaviy vakiliga 2022 yil 14 iyun kuni Qo‘shko‘shpir tumanida yashovchi fuqaro I.S. ariza bilan murojaat qilgan.

Arizada ko‘rsatilishicha, I.S.ning o‘g‘li E.O. 2019 yil 29 sentyabr kuni Urganch-Xiva yo‘lida o‘ziga tegishli bo‘lgan “Matiz” rusumli avtomashinasini o‘zining harakatlanish bo‘lagida boshqarib kelayotganida qarama-qarshi yo‘nalishda harakatlanib kelayotgan “Kobalt” rusumli X.X. boshqaruvida bo‘lgan avtomashina boshqaruvni yo‘qotib uning harakat bo‘lagiga o‘tib, oldiga chiqib to‘qnashuv sodir qilgan, sodir qilingan yo‘l-transport hodisasida o‘g‘lining aybi bo‘lmasada uni nohaq aybdor qilganlar, hatto sudning hukmi chiqib, jazo ham tayinlangan.

Sud hukmidan norozi bo‘lib yozilgan shikoyatlarga asosan 2021 yil 4 iyun kuni haqiqat qaror topib, murojaatchining o‘g‘li E.O. Xorazm viloyat sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hayʼati apellyatsiya instansiyasining hukmi bilan oqlangan. Jinoyat ishi esa sodir qilingan avtoavariyada aybdor shaxsni javobgarlikka tortish uchun viloyat prokuroriga yuborilgan.

Murojaatchi arizasida yuqoridagilarga qaramasdan hozirgi kunga qadar sodir qilingan yo‘l transport hodisasi uchun “Kobalt” rusumli avtomashina haydovchisining javobgarlikka tortish masalasi hal qilinmayotganligi bayon qilinib, shu masalada amaliy yordam berish so‘ralgan edi.

Ariza Ombudsmanning Xorazm viloyatidagi mintaqaviy vakili tomonidan atroflicha o‘rganilib, to‘plangan hujjatlar qonuniy chora ko‘rish uchun Xorazm viloyat prokuroriga yuborilgan.

Xorazm viloyat prokurorining o‘rinbosarining mintaqaviy vakilga bergan maʼlumotiga ko‘ra, hozirda Urganch tuman IIB huzuridagi tergov guruhi tergovchisining qarori bekor qilinib, holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 266-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari boshlanib yuborilgan.

Dastlabki tergov natijalari va jinoyat ishining keyingi taqdiri yuzasidan qo‘shimcha ravishda matbuotda xabar qilinadi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) Axborot xizmati