Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Bolalar huquqlarini himoya qilishda xalqaro hamkorlik
Joriy yilning 30 iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) binosida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Bola huquqlari bo‘yicha vakili Aliya Yunusova hamda Turkmaniston Respublikasining inson huquqlari bo‘yicha vakolatli vakili-Ombudsmen Yazdursun Gurbannazarova ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda bola huquqlari sohasidagi xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, bola huquqlarining dolzarb masalalari bo‘yicha mintaqaviy muhokamalar tashkil qilish, bu yo‘ldagi saʼy-harakat va imkoniyatlarni birlashtirish hamda tajriba almashish masalalari muhokama qilindi.

Ayniqsa, Turkmaniston Respublikasining Inson huquqlari bo‘yicha vakolatli vakili-Ombudsmen Yazdursun Gurbannazarova O‘zbekistonda mustaqil institut sifatida faoliyat yuritayotgan Oliy Majlisning Bola huquqlari bo‘yicha vakili faoliyati bilan qiziqdi hamda hozircha ularning mamlakatida bola huquqlarini himoya qiladigan mustaqil Bola huquqlari bo‘yicha vakil instituti yo‘qligi bunday tajriba almashish ular uchun muhimligini taʼkidladi.

Oliy Majlisining Bola huquqlari bo‘yicha vakili Aliya Yunusova mamlakatimizda bolaning eng yaxshi manfaatlarini taʼminlash, bolaning to‘liq huquqli shaxs sifatida tan olinishi masalalarga davlat siyosati darajasida eʼtibor qaratilayotganligini taʼkidlab, bola huquqlarini himoya qilishga qaratilgan amalga oshirilayotgan ishlar, qabul qilinayotgan qonun hujjatlari hamda kelajak avlodning o‘sib ulg‘ayishi uchun yaratilayotgan shart-sharoitlar va o‘z faoliyati haqida maʼlumot berdi.

Uchrashuvda taʼkidlanishicha, O‘zbekiston aholisining 40 foizidan ortig‘ini 18 yoshgacha bo‘lgan bolalar tashkil etadi. Mamlakatimizda bolalar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha tegishli huquqiy asos yaratilgan. Jumladan, Konstitutsiyamizda belgilab berilgan insonning asosiy huquq va erkinliklari (siyosiy huquq va erkinliklardan tashqari) to‘laligicha bolalarga ham tegishli bo‘lib, ushbu sohadagi munosabatlarni tartibga solish jarayonida davlat bolalarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishning kafolati sifatida namoyon bo‘ladi.

O‘zbekiston inson huquqlari sohasidagi 70 dan ortiq xalqaro shartnomaga aʼzo bo‘lgan davlat hisoblanadi.

Bola huquqlari bo‘yicha vakil o‘z faoliyatida xalqaro huquqning umumeʼtirof etilgan prinsiplari va normalariga, xalqaro shartnomalariga, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonun hujjatlariga hamda sohaga daxldor bo‘lgan boshqa normativ-huquqiy hujjatlarga amal qiladi.

Davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlarini, Bola huquqlari bo‘yicha vakil oldida turgan vazifalarni bajarishda bola huquqlariga rioya etilishini monitoring qilish uning faoliyatida muhim bo‘g‘in hisoblanadi.

Uchrashuv yakunida kelgusida hamkorlikni yana-da rivojlantirish masalalari kelishib olindi.

 Oliy  Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) Axborot xizmati