Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Farg‘onadagi nogironligi bo‘lgan shaxslarning Ombudsmanga murojaati ijobiy hal etildi
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakiliga (Ombudsmanga) Farg‘ona viloyati, O‘zbekiston tumani, Turkiston ko‘chasida yashovchi 1-guruh nogironi bo‘lgan ayol N.O. murojaat qilib, tumandagi tibbiy xodimlar xizmatidan norozi ekanligi, o‘z vaqtida tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilmayotgani, dori-darmon bilan taʼminlanmayotganini bildirgan. Shuningdek, unga moddiy yordam ko‘rsatilmayotganidan ham shikoyat qilgan.

Ushbu murojaat o‘rganish uchun Ombudsmanning Farg‘ona viloyatidagi mintaqaviy vakili Alisher Komilovga yuborildi. Mintaqaviy vakil tuman hokimligining tegishli mutaxassislari, tuman tibbiyot birlashmasi xodimlari jalb qilgan xolda murojaatni o‘rgandi.

Aniqlanishicha, haqiqatdan ham fuqaro O.N. 1-guruh nogironi bo‘lib, Sharko Mariy kasalligi bilan ro‘yxatda turadi. U tuman tibbiyot xodimlari tomonidan takroran ko‘rikdan o‘tkazilganda, unda pay reflekslari oyoqlarda sustlashgani, quvvatsizlik va harakat cheklanishi, pastki paraparez ikkala tizza bug‘imi artriti asoratlari mavjudligi aniqlandi. Bemorga muolajalar qilinib, tegishli tavsiyalar berildi.

Shuningdek, murojaatchi O.N.ning yashash sharoiti yaxshiligi, kam taʼminlangan oila sifatida ro‘yxatga olinmaganligi, tuman tibbiyot birlashmasi tomonidan berilgan yo‘llanma asosida Toshkent shahrida davolanib kelganligi aniqlandi.

Uning 1-guruh nogironi bo‘lganligi inobatga olinib, «Ayollar daftari»ning 3-bosqichiga ro‘yxatga qo‘yilishi taʼminlandi, shunga ko‘ra fuqaroga bir martalik 1 mln 80 ming so‘m miqdorida moddiy yordam ko‘rsatiladi.

O‘zbekiston tuman tibbiyot birlashmasining 2022 yil 7 iyundagi buyrug‘i bilan 1-guruh nogironi O.N.ning ahvolidan o‘z vaqtida xabar olmaganligi, tibbiy ko‘rikdan o‘tkazmaganligi va tegishli muolajalar qilinmagani uchun tuman ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikasining 2 nafar  masʼul xodimlariga “hayfsan” intizomiy jazo chorasi qo‘llanildi.

Shuningdek, Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakilining (Ombudsmanning) Farg‘ona viloyatidagi mintaqaviy vakili A.Kamilovga Farg‘ona shahar, Al-Xorazmiy ko‘chasida yashovchi 2-guruh nogironi bo‘lgan ayol K.Yu. ham murojaat qilgan. U o‘z arizasida mikroinsult kasalligiga chalinganligi sababli to‘shakka mixlangani, doimiy ravishda uyda tibbiy muolajalar olayotganligi sababli moddiy yordamga muhtojligini maʼlum qilgan.

Murojaatchining maʼlum qilishicha, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 25 maydagi “Aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini manzilli qo‘llab-quvvatlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bilan unga bir martalik moddiy yordam ajratilgan. Mintaqaviy vakilning ko‘magida murojaatchiga davlat tomonidan ajratilgan moddiy yordam puli uning yashash joyiga yetkazilishi taʼminlandi.

Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) Axborot xizmati