Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Buxoro viloyatidagi harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylardagi sharoitlar qay holatda?
Prezidentimizning 2021 yil 26 iyundagi “Qiynoqqa solish holatlarini aniqlash va ularning oldini olish tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ–5163-sonli Qarorida Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) qiynoqlarning oldini olish maqsadida Jamoatchilik vakillari bilan birgalikda harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarga monitoring tashriflari tizimini yo‘lga qo‘yish belgilangan.

Shunga ko‘ra, Ombudsman, uning Kotibiyati xodimlari va Ombudsmanning Buxoro viloyatidagi mintaqaviy vakili hamda Jamoatchilik guruhlari tomonidan joriy yilning 30 may va 2 iyun kunlari Buxoro viloyatidagi harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarga monitoring tashriflari amalga oshirildi.

Tashrifning birinchi kuni Kogon shahrida joylashgan 20-son Jazoni ijro etish koloniyasiga monitoring tashrifi amalga oshirildi. Maxsus kontingent sig‘imi 700 nafarga mo‘ljallangan bo‘lib, ushbu koloniyada jazo o‘tayotgan mahkumlar uchun belgilangan shart-sharoitlar yaratilgan.

So‘ngra, Buxoro shahar Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtiruvchi boshqarmaning Vaqtincha saqlash hibsxonasidagi mahbuslarga yaratilgan sharoitlar o‘rganildi. 100 o‘ringa mo‘ljallangan mazkur hibsxona yangitdan taʼmirdan chiqarilib, saqlanayotgan shaxslarning yuvinish va sayr qilish joylari hamda hojatxonalarida sharoitlar yaratilgan.

Tashrifning ikkinchi kuni Kogon tumanidagi 1-son Jazoni ijro etish koloniyasiga monitoring tashrifi amalga oshirildi. Ushbu koloniya umumiy tartibda jazo o‘tashga hukm qilingan mahkumlarning jazo o‘tashlariga mo‘ljallagan. Koloniyada jazo o‘tayotgan mahkumlarning 86 foizidan ortig‘i ijtimoiy foydali mehnatga jalb etilgan. Koloniyaning ishlab chiqarish obyektlarida yog‘ochga ishlov berish, beton g‘isht (penoblok) ishlab chiqarish, mramor toshga ishlov berish, tikuvchilik hamda shisha idishlarni (butilka) tozalash sexlari ishlab turibdi.

Mahkumlarning yaqinlari bilan uchrashishi uchun koloniyada 6 ta qisqa va 12 ta uzoq muddatli barcha sharoitlarga ega xonalar ajratilgan. Koloniyaning Davolash profilaktika yordamini ko‘rsatish bo‘limi mahkumlarning davolanishi uchun zaruriy dori-darmonlar bilan taʼminlangan, bo‘limda Rengen, EKG, UZD va stomatologiya aparatlari mavjud.

Keyingi manzil Buxoro shahridagi 4-son Tergov hibsxonasi bo‘ldi. Tashrif davomida hibsxonadagi mahbuslarning yotoq joylari, tibbiyot bo‘limlari, sayr qilish joylari, yuvinish xonalari va hojatxonalar hamda kutubxonalar, shuningdek oshxona ko‘rib chiqildi. Saqlanayotgan shaxslar bilan kameralarida jamoaviy va yakka tartibda holi uchrashuvlar o‘tkazildi.

Shundan so‘ng, Qorovulbozor tumanidagi 17-son Jazoni ijro etish koloniyasiga ham monitoring tashrifi amalga oshirildi. Ushbu koloniyada jazo o‘tayotgan mahkumlarning 50 foizga yaqini Jinoyat-ijroiya kodeksiga ko‘ra ijtimoiy foydali mehnatga jalb qilingan. Koloniyaning ishlab chiqarish obyektlarida mebel va yog‘ochga ishlov berish, temirga ishlov berish, g‘isht ishlab chiqarish, tosh kesish, mozaika ishlab chiqarish va tikuv sexlari ishlab turibdi.

Qayd etish joizki, Ombudsman tomonidan ushbu koloniyaga o‘tgan yilda amalga oshirilgan tashrif davomida koloniyaning tibbiyot bo‘limi, ovqatlanish joylari, yuvinish xonalari va hojatxonalar hamda mahkumlarning yotoq joylarini taʼmirlash tavsiya etilgan. Ushbu tashrif davomida mazkur tavsiyalar Jazoni ijro etish departamenti tomonidan inobatga olinib, koloniyaning yuqorida qayd etilgan joylari va uzoq muddatli uchrashuv xonasi to‘liq joriy taʼmirdan chiqarilganligi maʼlum bo‘ldi.

Tashrifning so‘ngi kuni Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasining Maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslarni qabul qilish va saqlash uchun mo‘ljallangan maxsus qabulxonasi hamda Aniq yashash joyiga ega bo‘lmagan shaxslarni Reabilitatsiya etish markazi, shuningdek Respublika ixtisoslashtirilgan narkologiya amaliy tibbiyot markazi Buxoro viloyati mintaqaviy filialiga monitoring tashrifi amalga oshirildi.

Ushbu tashrif davomida ham Ombudsman tomonidan o‘tgan yilda Aniq yashash joyiga ega bo‘lmagan shaxslarni Reabilitatsiya etish markazini qayta taʼmirlash yuzasidan berilgan tavsiyalar inobatga olinganligiga eʼtibor qaratildi. Tashrif kuni Aniq yashash joyiga ega bo‘lmagan shaxslarni Reabilitatsiya etish markazi viloyat Ichki ishlar boshqarmasi tomonidan yangitdan qurilib, 75 o‘ringa mo‘ljallangan zamonaviy talablar asosida joriy yilning boshidan buyon to‘liq foydalanishga topshirilganligi maʼlum bo‘ldi.

Mahkumlar va mahbuslar bilan ommaviy va yakka tartibda suhbatlar o‘tkazilib, ularning oila aʼzolariga moddiy yordam ajratish, uy-joy va boshqa masalalardagi murojaatlari ijro uchun qabul qilindi. suhbatlar davomida qiynoq holatlari qo‘llanilganligi va shart-sharoitlar hamda oziq-ovqat taʼminotlari yuzasidan shikoyatlar kelib tushmadi.

Respublika ixtisoslashtirilgan narkologiya amaliy tibbiyot markazi Buxoro viloyati mintaqaviy filialining Majburiy davolanish bo‘limi 85 nafar bemorga mo‘ljallangan bo‘lib, tashrif kuni 120 ta bemor saqlanayotganligi maʼlum bo‘ldi. Muassasa ko‘zdan kechirilgandan so‘ng bemorlarga qulay shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha takliflar berildi.

Eslatib o‘tamiz, Ombudsman tomonidan qiynoqlarni oldini olish bo‘yicha monitoring tashriflari yakuni yuzasidan tayyorlangan tahliliy maʼlumotlar, jumladan monitoring jarayonida aniqlangan kamchiliklar tegishli davlat organlari bilan bir qatorda Oliy Majlis palatalariga ham taqdim etilib kelinmoqda.

 Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati