Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Ombudsmanning Qashqadaryodagi mintaqaviy vakili: bemor mahbus va moddiy yordamga muhtoj fuqaro murojaatlari hal etildi
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakilining (Ombudsmanning) Qashqadaryo viloyatidagi mintaqaviy vakili Murodulla Normuradovga Qarshi shahar 5-sonli tergov hibsxonasida saqlanayotgan mahbus S.H. sog‘ligi yaxshi emasligi sababli shifoxonaga yotib davolanishni so‘rab murojaat qildi.

Uning yozishicha, avval yurak xuruji, infarkt kasalligini o‘tkazgan va tez-tez qon bosimi ko‘tarilib ketadi. Mahbusning tibbiy holatidan kelib chiqib mintaqaviy vakilning tavsiyasi bilan u 23-son Mahkumlar uchun ixtisoslashgan kasalxonaga o‘tkazildi.

Shuningdek, Murodulla Normuradov Ombudsman tomonidan joyiga chiqib o‘rganish uchun yuborilgan Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumani “Humo” MFYda yashovchi fuqaro M.O.ning moddiy yordam so‘rab qilgan murojaatini ko‘rib chiqdi.

Murojaat o‘rganilganda haqiqatdan ham ushbu oila nochor ahvolda yashashi va moddiy yordamga muhtojligi aniqlandi. Mintaqaviy vakilning tavsiyasi bilan Chiroqchi tuman hokimiyati tomonidan murojaatchi M.O.ga “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi hisobidan 1 mln so‘m moddiy yordam ajratildi.

Maʼlumot uchun, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakilining (Ombudsmanning) Qashqadaryo viloyatidagi mintaqaviy vakili Murodulla Normuradov har haftaning seshanba va payshanba kunlari soat 14:00 - 17:00 oralig‘ida fuqarolar qabulini o‘tkazadi.

Manzil: Qashqadaryo viloyati, Qarshi shahar, Mustaqillik shox ko‘chasi 2-uy

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) Axborot xizmati