Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Sirdaryodagi manzil-koloniyasida mahkumlarga qancha ish haqi to‘lanadi?
2022 yil 15 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakilning (ombudsmanning) Sirdaryo viloyatidagi mintaqaviy vakili Shuhrat Alimov tomonidan Viloyatdagi 40-sonli manzil-koloniyasida Qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llash holatlarini oldini olish yuzasidan monitoring o‘tkazildi.

40-sonli manzil-koloniyasi Sirdaryo viloyati, Guliston tumani, Chortoq MFYda joylashgan. Koloniyaning sig‘imi 300 nafar mahkumga mo‘ljallangan.

Joriy kunda manzil-koloniyada 430 nafar mahkum jazo muddatini o‘tab kelmoqda, ularning barchasi erkak mahkumlardir. Voyaga yetmagan va ayol mahkumlar mavjud emas.

Monitoring o‘tkazilgan kunda mahkumlarning 117 nafari manzil-koloniyaning xo‘jalik va obodonlashtirish ishlariga jalb etilgani, 304 nafar mahkum esa manzil-koloniyasi bilan shartnoma qilgan 8 ta obyektlarda mehnat qilayotgani va 6 nafar mahkum hududiy kasalxonalarda davolanayotgani aniqlandi.

Manzil-koloniyada bemor mahkumlar davolanishi uchun ambulatoriya tashkil etilgan, bir nafar oliy maʼlumotli vrach va bir nafar erkin yollangan o‘rta-maxsus tibbiy maʼlumotli fuqaro ishlamoqda.

Ambulatoriyada birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish uchun 24 turdagi dori-darmon va tibbiy vositalar mavjud bo‘lib, yaroqlilik muddati o‘tgan tibbiy buyumlar yoki dori-darmonlar aniqlanmadi. Ambulatoriya antiseptik vositalar bilan taʼminlangan.

Monitoringda mahkumlarga yotish uchun krovatlar, ko‘rpa-to‘shak, yostiq va choyshablar berilgani maʼlum bo‘ldi. Manzil-koloniya boshlig‘iga mahkumlarga O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-ijroiya kodeksining 84-moddasi 2-qismida belgilangan norma talablari asosida yotoqxona ajratishga alohida eʼtibor karatish tavsiya etildi.

Mahkumlarning mehnat sharoitlari o‘rganilganda, manzil-koloniya qoshida tashkil etilgan parrandachilik va chorvachilik korxonalari ko‘zdan kechirildi.

Bundan tashqari, 2022 yil uchun 40-son manzil koloniyasida tikuv sexi binosi qurib bitkazilgani va ushbu sexda 100 nafar mahkum uchun ish o‘rni rejalashtirilgani haqida maʼlumot berildi.

Aniqlanishicha, shartnoma obyektlariga mehnatga jalb qilingan mahkumlarni oylik ish haqilari 700 000 so‘mdan 900 000 so‘mgacha, xo‘jalik ishlariga jalb etilgan mahkumlar 250 000 so‘mdan 350 000 so‘mgacha ish haqi oladi. Mahkumlar bilan suhbatlashilganda ish haqini o‘z vaqtida olayotganliklari va bu borada muammolar yo‘qligini bildirishdi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati