Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Inson huquqlari bo‘yicha vakil GSP+ Yevropa Ittifoqi Komissiyasi vakillari bilan uchrashdi
2022 yilning 28 mart kuni Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) Yevropa Ittifoqi Savdo masalalari bosh direktorati, katta maslahatchi Nikolaos Zaimis boshchiligidagi “Preferensiyalar bosh tizimi plyus (GSP+)” Yevropa Ittifoqi Komissiyasi vakillari bilan uchrashdi.

2020 yil 30 noyabr kuni Yevropa komissiyasi O‘zbekistonga preferensiyalar bosh tizimi (GSP+) bo‘yicha benefitsiar mamlakat maqomini bergan edi.

Qayd etish lozimki, GSP+ xalqaro qadriyatlar va tamoyillar, xususan, inson va mehnat huquqlari asosida rivojlanayotgan mamlakatlarga kambag‘allikni qisqartirish va ish o‘rinlarini yaratishga ko‘maklashishni ko‘zda tutadi. Xususan, bunday tizimni ajratuvchilar bo‘lib, Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkilotiga aʼzo mamlakatlar, xususan, AQSH, Yevropa Ittifoqi, Yaponiya, Kanada, Avstraliya, Shveysariya kabi davlatlar hisoblanadi.

GSP+ tizimi taqdim etilishi uchun benefitsiar mamlakat inson huquqlari, mehnat huquqlari, tabiatni muhofaza qilish va samarali boshqaruvga oid 27 ta xalqaro konvensiyalarni ratifikatsiya qilishi zarur.

Demak, O‘zbekistonning GSP+ tizimi benefitsiari maqomiga ega bo‘lishini, avvalo, respublikamizda amalga oshirilayotgan islohotlarning xalqaro eʼtirofi sifatida qabul qilish o‘rinlidir.

O‘zaro muloqot davomida 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi doirasida inson huquqlarini taʼminlash yo‘nalishida amalga oshirilgan keng qamrovli islohotlarga to‘xtalib o‘tildi. Mazkur tarixiy hujjat doirasida qonun ustuvorligini taʼminlash, sud-huquq tizimini takomillashtirish, jazo turlarini liberallashtirish, gender tengligini taʼminlash, qiynoqlarni oldini olish, ochiqlik va shaffoflikni taʼminlash, so‘z erkinligini mustahkamlash qolaversa, insonparvarlik tamoyili asosida yo‘ldan adashganlarga yana bir imkon berish hamda ularni jamiyatga moslashtirish borasida salmoqli ishlar amalga oshirilgani qayd etildi.

Shuningdek, o‘tgan yillar davomida Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) institutining huquqiy maqomi muntazam takomillashib borgani, uning faoliyat qamrovi va vakolatlari kengaygani, inson huquqlarini taʼminlashda Ombudsmanga berilgan yangi taʼsirchan choralar haqida ham to‘xtalindi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) Axborot xizmati