Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Ombudsmanning 2021 yilgi faoliyati tahlil qilinib, 2022 yilgi rejalar belgilab olindi
2022 yilning 31 yanvar kuni Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) huzuridagi Insonning konstitutsiyaviy huquqlari va erkinliklariga rioya etilishi bo‘yicha komissiya aʼzolarining onlayn shakldagi navbatdagi yig‘ilishi bo‘ldi.

Ombudsman huzuridagi komissiyaning navbatdagi yig‘ilishi kun tartibidan Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakilining (ombudsmanning) 2021 yildagi faoliyati natijalari, 2022 yilda Ombudsman jamoasi oldida turgan vazifalar va inson huquqlarini taʼminlashning asosiy yo‘nalishlarini belgilab olish va shu kabi boshqa masalalar o‘rin oldi.

Tadbirda so‘z olgan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili hamda Ombudsman huzuridagi komissiya raisi Feruza Eshmatovaning so‘zlariga ko‘ra, 2021 yil Ombudsman instituti faoliyati tarixida alohida o‘ringa ega bo‘lib, bu yilda katta o‘zgarishlarni qarshi oldi. Mazkur islohotlar nafaqat Vakil balki inson huquqlari va manfaatlarini taʼminlanishida muhim ahamiyat kasb etadi. Jumladan o‘tgan yilda Inson huquqlari bo‘yicha vakil faoliyatiga taaluqli 2 ta Prezident hujjatining qabul qilinishi ham mamlakatimizda insonning qonuniy huquq va manfaatlarini taʼminlashga ustuvorlik berilayotganidan dalolatdir. Bunga javoban Ombudsman jamoasi aholi murojaatlari bilan ishlash, qiynoqqa qarshi kurashish, qonunchilikni takomillashtirish, xalqaro aloqalarni rivojlantirish, ochiqlikni taʼminlash kabi qator yo‘nalishlarda salmoqli ishlarni amalga oshirishga ulgurdi. Inson huquqlari bo‘yicha vakilining (ombudsmanning) 2021 yilgi faoliyati tahlil qilinganda, taʼsir choralarini qo‘llashi va ularning samaradorligi 2020 yilga nisbatan 2,4 barobarga oshganini ko‘rish mumkin. O‘ylaymanki, Yangi O‘zbekistonning keyingi 5 yilga mo‘ljallangan Taraqqiyot strategiyasi doirasida bu ko‘rsatkichlarimiz yil sayin oshib borishiga intilamiz. Albatta buning uchun faoliyatimizga axborot kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish, inson huquqlarini taʼminlashning yangi ilg‘or usullarini ishlab chiqish, 2022 yildan doimiy asosda ish boshlagan mintaqaviy vakillar mavqeyini oshirish, qonunchilik tashabbusi huquqidan samarali foydalanish borasidagi ishlarimizni jadallashtirishimiz talab etiladi.

Yig‘ilishda qayd etilishicha, 2021 yilda Ombudsman nomiga O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, xorijiy davlatlar fuqarolari va ombudsmanlari, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar, jamoat tashkilotlari va boshqa yuridik shaxslardan jami 18738 ta murojaat kelib tushgan (2020 yilda 14975 ta). Jumladan, fuqarolardan 16559 ta, tergov hibsxonalari va jazoni ijro etish muassasalaridan 2120 taxorijiy davlatlardan 59 ta murojaat kelib tushgan.

Kelib tushgan murojaatlar asosiy qismi Toshkent shahri (2588 ta), Qashqadaryo (2530 ta), Surxondaryo (2000 ta), Toshkent (1658 ta), Samarqand viloyatlariga (1302 ta) to‘g‘ri keladi.

2021 yilda Ombudsman tomonidan davlat organlari va tashkilotlarga fuqarolarning buzilgan huquqlarini tiklash yuzasidan 36 ta xulosa (2020 yil 16 ta), 14 ta taqdimnoma (2020 yilda 13 ta) hamda fuqarolarning manfaatlarini himoya qilib sudlarga 44 ta daʼvo arizalari (2020 yilda 11 ta) kiritildi.

Shuningdek yig‘ilishda komissiya aʼzolariga murojaatlarning nazoratga olinishi natijasida inson huquqlarini taʼminlanishi borasida erishilgan ko‘rsatkichlarga hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 26 iyundagi “Qiynoqqa solish holatlarini aniqlash va ularning oldini olish tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Qaroriga muvofiq Ombudsman hamda uning huzuridagi Qiynoqqa solish holatlarini aniqlash va ularning oldini olish bo‘yicha Jamoatchilik guruhlari tomonidan harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarga amalga oshirilgan monitoring tashriflari haqida ham maʼlumot berildi.

Yig‘ilish davomida komissiya aʼzolari tomonidan Ombudsman faoliyatidagi o‘zgarishlar va natijalar to‘g‘risida fikr bildirildi. Shuningdek, 2022 yilda Ombudsman oldida turgan vazifalar, faoliyatidagi rejalarga qaratildi va aniq takliflar bildirildi. Tadbir yakunida komissiyaning tegishli qarori qabul qilindi.

 

Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati