Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Ombudsmanning poytaxtdagi mintaqaviy vakili sud ishini murojaatchi foydasiga hal etilishiga erishdi
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) ga Toshkent shahrida istiqomat qiluvchi fuqarodan yashab turgan uyini firibgarlik yo‘li bilan tortib olinishi mumkinligi sabab sud majlislarida Ombudsman ishtirokini taʼminlanishida yordam so‘rab murojaat qilingan edi.

Ushbu murojaat sinchiklab o‘rganilib, fuqaroga huquqiy tomondan amaliy yordam ko‘rsatilishi uchun ariza Ombudsmanning Toshkent shahridagi mintaqaviy vakiliga yuborildi.

Mintaqaviy vakil mazkur nizoli masala yuzasidan joriy yilning 13 aprel kuni Maʼmuriy ishlar bo‘yicha Toshkent shaxar tumanlararo sudining barcha sud majlislarida ishtirok etdi.

Aniqlanishicha, nizoli xonadonning umumiy yer maydoni 26m2 ni tashkil qilib, shundan 17m2 1991 yilda murojaatchining otasi nomiga egalik huquqi asosida rasmiylashtirilgan. 9m2 yer maydoni esa o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer maydoni bo‘lgan. Sudga daʼvo ariza kiritgan qarshi tomon A.K. aslida mazkur xonadonga ijarachi sifatida joylashgan. Keyinchalik noqonuniy yo‘llar bilan o‘z nomini ro‘yxatga ham qo‘ydirib olgan. Qolgan 9m2 yer maydonining bir qismiga o‘zboshimchalik bilan qurilmalar qurgan va 1991 yilda ularga nisbatan hokim qarorini ham chiqarib olgan. Lekin qarshi daʼvogar taraf aslida Toshkent viloyati Zangiota tumanida istiqomat qilgan.

Ombudsmanga murojaat qilgan fuqaro bo‘sh turgan 9m2 yer maydonini otasi nomiga rasmiylashtirish bo‘yicha hokimga murojaat qilganidan xabar topgan qarshi tomon A.K. sudga murojaatchining uyini buzdirib tashlash va unga egalik huquqini berilishini so‘ragan.

Anchagina chigal masala...

Toshkent shahridagi Mintaqaviy vakilning sudda ishtiroki, ish bo‘yicha baʼzi muhim jixatlarni ochiqlanishiga va bundan sud xabardorligini oshirishga yordam berdi.

Nizoli ish bo‘yicha olib borilgan o‘rganish ishlari natijasida

  • 1986 yilda A.K. tomonidan o‘zboshimchalik bilan qurilgan qurilmalar buzilishi haqida Xalq Deputatlari S.Raximov tumani Kengashi qarori qabul qilingani, biroq qaror ijrosi taʼminlanmasdan qolganligi;
  • 1991 yilda haqiqatdan ham S.Raximov tumani hokimligi tomonidan 2 ta bir xil qaror qabul qilinganligi, biroq murojaatchining otasi nomiga umrbod egaliq qilish huquqi asosida, qarshi tomon A.K. nomiga esa foydalanish huquqi asosida yer maydoni berish haqida qarorlar qabul qilinganligi;
  • A.K.ga yer maydoni vaqtinchalik foydalanish huquqi asosida berilishi haqida qaror qabul qilinganligi bois, Olmazor tumani hokimligi tomonidan ushbu foydalanuvdagi xudud murojaatchining otasi nomiga egalik huquqi asosida rasmiylashtirilganligi;
  • A.K. soliq to‘lovlarini umuman to‘lamasdan kelganligini aniqladi.

Sud taraflar vajlarini, prokurorning daʼvo arizasini rad qilish haqidagi fikrini va yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan asoslarni inobatga olgan holda A.K.ning daʼvo talablarini qanoatlantirishni rad qilish to‘g‘risida hal qiluv qarori qabul qildi.

Hullas, uyidan umidini uzgan fuqaroning Ombudsmanga murojaati ijobiy hal etildi.

 Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakil (ombudsman) Matbuot xizmati