Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Ombudsmanning Qashqadaryodagi vakili: viloyatdagi ko‘plab jazoni ijro etish muassasalarda tibbiyot xodimlari o‘rni vakant bo‘lib turibti
Ombudsmanning Qashqadaryo viloyatidagi Mintaqaviy vakili Murodulla Normurodov viloyatning Koson shahridagi 10-sonli jazoni ijro etish kоloniyasiga borib, mahkumlarning yashash sharoitlarini o‘rgandi.

1800 nafar sig‘imga ega 10-sonli koloniyada tashrif amalga oshirilgan kunda 1060 nafar mahkum jazo muddatini o‘tamoqda. Monitoring davomida koloniya oshxonasi va mahkumlarga ovqat tayyorlash jarayoni, oziq-ovqat omborxonasidagi taʼminot va taomnoma menyusi ko‘zdan kechirildi.

Shuningdek, koloniya Tibbiyot bo‘limi va mahkumlarga tibbiy xizmat ko‘rsatish holati ham o‘rganilib, respublikamizda karonavirus infeksiyasi bilan zararlanish xavfi hali hamon saqlanib qolayotgani sababli, ajratilishi zarur bo‘lgan dori-darmonlar taʼminoti va ularning Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining COVID-19 bilan kasallangan bemorlarni davolash bo‘yicha tavsiya qilingan dori vositalariga mosligi tekshirildi. Aniqlanishicha, muassasada dori-darmondan muammo yo‘q, lekin 3 ta shifokor o‘rni vakant. Jazoni ijro etish muassasalarining aksariyatida tibbiyot sohasidagi mutaxassislar yetishmasligi holatiga duch kelinmoqda.

Koloniyada qisqa muddatli va uzoq muddatli uchrashuv xonalari hamda telefon so‘zlashuv xonalari mavjud bo‘lib, mahkumlar va ularning oila aʼzolariga qo‘shimcha imkoniyat yaratish maqsadida onlayn ravishda video-muloqot xizmati ham yo‘lga qo‘yilgan.

15 mingdan ortiq huquqiy, diniy va badiiy adabiyotlarni jamlagan muassasa kutubxonasida mahkumlar bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishi uchun yetarli sharoitlar yaratilgan.

Monitoring doirasida, “Ombudsman qutisi” ko‘zdan kechirilib, 6 nafar mahkumning murojaati o‘rganish uchun qabul qilib olindi. Shuningdek, monitoring davomida 20 nafar mahkumlar bilan shaxsiy qabul o‘tkazildi.

Ombudsmanning Qashqadaryo viloyatidagi Mintaqaviy vakili Murodulla Normurodov:

Monitoring davomida muassasada mahkumlar uchun inson huquqlarini qo‘pol ravishda buzilishiga olib keluvchi holatlar ko‘zga tashlanmadi. Haqiqatdan ham jazoni ijro etish muassasalaridagi sharoitlar yildan-yilga yaxshilanib bormoqda. Ahamiyatlisi shundaki, qabulimda bo‘lgan 3 nafar mahkum ularga jinoyatchilardek emas balki, insoniylik nuqtai nazaridan muomalada bo‘linayotgani, ruhiy va jismoniy qiynoqlar yo‘qligi va monitoring tadbirlarini muntazam o‘tkazib borilayotganligi uchun minnatdorchilik bildirdi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili Matbuot xizmati