Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Mehnat huquqlarini taʼminlashda Ombudsmanning o‘rni
Xalqaro mehnat tashkilotining maʼlumotiga ko‘ra, jahonda aholining bandlik darajasi 2020 yilda 58,7 foizni tashkil qilgan, COVID-19 tufayli esa bekor turib qolingan vaqt 8,8 foizga oshgan.[1] O‘zbekiston Respublikasi Statistika qo‘mitasining maʼlumotlariga ko‘ra, respublikada aholining bandlik darajasi 2020 yilda 66,1 foizni  (2019 yilda – 67,7 foiz) tashkil qilgan.[2] O‘zbekiston mehnat bozorida 2020 yilning to‘rtinchi choragida iqtisodiy faol aholi orasida ish bilan band bo‘lganlar soni 13239,6 ming kishini tashkil etib, 2020 yilning ikkinchi va uchinchi choraklariga nisbatan (12736,6 ming va 13205,3 ming) o‘sish holati kuzatilgan.

Holatning ijobiy tomonga o‘zgarishida davlat idoralarining mehnat muhofazasi hamda adolatli mehnat sharoitlarini yaratish bo‘yicha amalga oshirayotgan ishlari muhim ahamiyat kasb etganligidan dalolat beradi. Xususan, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasida hamda “Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar to‘g‘risida”gi  xalqaro paktda har bir inson mehnat qilish, ishni erkin tanlash, adolatli va qulay ish sharoitiga ega bo‘lish va ishsizlikdan himoya qilinish, kamsitishsiz teng mehnat uchun teng ish haqi olish, adolatli va qoniqarli daromad olish, kasaba uyushmalari tuzish va o‘z manfaatlarini himoya qilishi uchun kasaba uyushmalariga kirish, dam olish va bo‘sh vaqtga ega bo‘lish, shu jumladan ish kunini oqilona cheklash huquqi va haq to‘lanadigan mehnat taʼtiliga chiqish huquqlariga ega ekanligi eʼtirof etilgan.

Shu bilan birga, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarda har bir shaxs mehnat qilish, erkin kasb tanlash, adolatli mehnat sharoitlarda ishlash hamda qonunda ko‘rsatilgan tartibda ishsizlikdan himoyalanish huquqlariga ega ekanligi belgilangan.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakilning (ombudsmanning) fuqarolarning mehnat huquqlarini muhofaza qilish va qonunbuzilish holatlarini bartaraf etish bo‘yicha faoliyati muhim yo‘nalishlardan biri hisoblanadi.

Aytish joizki, 2017 yil avgust oyida “O‘zbekiston Respublikasi Inson huquqlari Vakili (ombudsman) to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida” O‘zbekiston Respublikasi qonuni qabul qilinib, unda Ombudsmanning inson huquqlarini himoya qilish borasidagi vakolatlari kengaytirildi, Ombudsmanga taqdimnoma, iltimosnoma hamda fuqarolar manfaatlarini himoya qilishda sudlarga daʼvo arizalarini kiritish huquqi berildi.

Ombudsman tomonidan 2020 yilda tegishli davlat organlari hamda mansabdor shaxslarga fuqarolarning mehnat huquqlarini muhofaza qilish masalalarida 19 marotaba xulosa, daʼvo arizalari va taqdimnomalar kiritilib, aniqlangan qonunbuzilish holatlari yuzasidan tegishli choralar ko‘rilgan hamda fuqarolarning buzilgan mehnat huquqlari tiklangan. Xususan, Vakil tomonidan 16 ta holatda ish beruvchining xodimga ish haqi to‘liq va o‘z vaqtida berilmaganligi hamda 8 ta holatda mehnat qonunchiligining buzilishi yuzasidan taqdimnoma, shuningdek fuqarolik ishlari bo‘yicha sudga 8 ta holatda daʼvo arizalari kiritilib, fuqarolarning mehnat huquqlarini tiklashda yordam ko‘rsatilgan. Bundan tashqari, 2 ta holatda ish beruvchi tomonidan qonunga zid ravishda noqonuniy ishdan bo‘shatish holatlari kuzatilib, Vakil tomonidan Ichki ishlar vazirligiga va fuqarolik ishlari bo‘yicha sudga 1 tadan xulosa hamda daʼvo ariza kiritilgan.

Taʼkidlash lozimki, Ombudsmanga 2020 yilda fuqarolarning mehnat huquqlarini taʼminlash yuzasidan 1046 ta murojaat kelib tushdi. Jumladan, fuqarolarning 442 tasi ish haqi va boshqa to‘lovlarning o‘z vaqtida to‘lanmaganligi, 289 tasi qonunga zid ravishda ishdan bo‘shatilganligi, 226 tasi ish beruvchining harakatlaridan (harakatsizligidan) noroziligi, 89 tasi shtatlarning qisqartirilishi natijasida yoki boshqa ishga o‘tkazishda mehnat qonunchiligi buzilganligi yuzasidan murojaat qilgan. Mazkur murojaatlarni o‘rganish natijasida 90 dan ortiq fuqaroga 439 mln. so‘mlik ish haqini undirilishida ko‘maklashildi.

Misol uchun, fuqaro X.D. 2000-2012 yillar mobaynida Samarqand viloyati Ichki ishlar boshqarmasi va uning quyi tizimlarida turli lavozimlarda ishlab kelgan. Biroq, u 2012 yilda turli sabablarga ko‘ra noqonuniy ishdan bo‘shatilgan. 2020 yilning mart oyida O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hayʼati Samarqand viloyati Ichki ishlar boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan xizmat tekshiruvini g‘ayriqonuniy deb topib, X.D.ni Samarqand viloyati Ichki ishlar boshqarmasi tergov bo‘limi katta tergovchisi lavozimiga tiklash haqida qaror qabul qildi. Biroq, 2020 yil davomida qaror ijrosi taʼminlanmadi. Ombudsman tomonidan ushbu holat o‘rganilib, sud qarori ijrosi o‘z vaqtida bajarilmayotganligi yuzasidan Ichki ishlar Vaziri nomiga xulosa kiritilgan. Mazkur masala vazirlik tomonidan ijobiy hal etilib,  X.D.ga o‘ziga tegishli maxsus unvoni bilan IIV kadrlar bilan ishlash bo‘linmasiga ishlamagan davrni qo‘shgan holda xizmat lavozimiga qayta tiklandi.

Fuqaro N.S. esa 1998-2020 yillar mobaynida Toshkent shahar Mirobod tumani Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazida (SEOM) bosh hisobchi lavozimida ishlab kelgan. Biroq, 2020 yil 9 noyabrida “SEOM tashkiloti tugaltildi”, degan vaj bilan N.S. SEOM rahbariyati tomonidan noqonuniy ravishda ishdan bo‘shatilgan. Ushbu holat yuzasidan Vakil tomonidan qonunbuzilish holatlarini bartaraf etish maqsadida Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazining Toshkent shahar boshqarmasiga taqdimnoma kiritilgan. Biroq ushbu masala ijobiy hal etilmagan. Shundan so‘ng Vakil tomonidan fuqaro N.S.ning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish maqsadida Mirobod tumanlararo sudiga daʼvo arizasi kiritildi. Mazkur sudning 2021 yil 22 fevraldagi hal qiluv qarori bilan fuqaro N.S. ishga tiklandi va 5,0 mln.so‘mlik maʼnaviy zarar uchun hamda 3,5 oylik majburiy progul uchun kompensatsiya pullarining undirilishi belgilandi.

Yana bir misol. Vakil nomiga 8 nafar fuqaro nomidan fuqaro B.I. tomonidan ariza kelib tushdi. Arizaga ko‘ra, fuqarolar Namangan taʼmirlash tiklash xizmati Davlat unitar korxonasi (DUK) ishlab kelayotganliklari, biroq DUK tomonidan ish haqlari vaqtida to‘lanmaganligini bildirishgan. Vakil tomonidan ariza o‘rganilganda, 2019 yil sentyabr oyidan 2020 mart oyiga qadar ishchilarga DUK tomonidan ish haqi va mukofot pullari o‘z vaqtida to‘lanmayotganligi aniqlandi.

Ushbu holat yuzasidan Vakil tomonidan 2020 yil 21 dekabr kuni fuqarolik ishlari bo‘yicha Namangan tumanlararo sudiga daʼvo arizasi kiritilib, 5 ta ariza ijobiy hal etilib, mazkur sudning 2020 yildagi (29 dekabr) va 2021 yildagi (9 yanvar va 11 yanvar) sud buyrug‘lari bilan xodimlar foydasiga 116,3 mln.so‘m mablag‘ undirilishi belgilandi. Qolgan 3 holatda murojaatchilar tomonidan ariza ko‘rilmasdan qoldirilishi so‘ralgan.

Agar dunyo tajribasiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, mehnat qonunchiligi buzilgan holatlarda mansabdor shaxslarga Serbiyada[ 6300 $ gacha, ayrim holatlarda 15000 $ gacha, Ozarbayjonda 11700$ gacha, ayrim hollarda 14700 $ gacha, Chexiyada 13500 $ gacha, ayrim holatlarda 91000$ gacha, Avstraliyada 6600 $ gacha ayrim holatlarda 18000 $ gacha , Shveysariyada 5400 $ gacha, ayrim holatlarda 45000 $ gacha jarimaga tortilishi belgilangan.

Xulosa o‘rnida aytish lozimki, Ombudsman tomonidan mehnat munosabatlariga oid murojaatlar tahlilidan kelib chiqib, uni yana-da takomillashtirish hamda mehnat qonunchiligi buzilish holatlarini oldini olishga ehtiyoj paydo bo‘lyapti.

Buning uchun fuqarolarning mehnat huquqlari taʼminlanishida, birinchi navbatda, joylardagi nazorat qiluvchi davlat organlarning mehnat qonunchiligini taʼminlanish borasidagi faoliyatini qayta ko‘rib chiqish va kuchaytirish, ish beruvchi va xodimlar o‘rtasida mehnat munosabatlariga oid nizolarni hal qilish yuzasidan samarali mexanizmlarni mehnat shartnomalarida ko‘rsatib o‘tish hamda ish beruvchining xodimga nisbatan mehnat qonunchiligini buzgan holatlarda unga nisbatan javobgarlik choralarini kuchaytirish, fuqarolik sudlari, hakamlik sudlari, mediatorlar, mehnat inspektorlari va boshqa mehnat munosabatlariga oid nizolar bilan shug‘ullanuvchi idoralar xodimlarining masʼulligini oshirish lozim. Bu esa, o‘z navbatida, fuqarolarning mehnat huquqlarini taʼminlash bilan bog‘liq masalalar yechimida muhim ahamiyat kasb etadi.

A. YULDASHEV

Oliy Majlis Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Kotibiyatining Inson huquqlarini taʼminlash bo‘yicha monitoring va huquqiy tahlil sektori xodimi